Mirziyoyev Fransiya parlamenti raisini O‘zbekistonga taklif qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 13 mart kuni Parij shahridagi Burbon saroyida Fransiya Milliy majlisi Raisi Yael Braun-Pive bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bildirilishicha, muloqot davomida ikki davlat o‘rtasidagi parlamentlararo almashinuvni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Ushbu tashrifning tarixiy ahamiyati, O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilgani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan.

“Fransiya parlamenti quyi palatasi rahbari Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarni, vakillik organlarining roli, xotin-qizlar, bolalar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari hamda ekologik xavfsizlik kafolatlari kuchayganini yuqori baholadi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, O‘zbekiston-Fransiya parlamentlararo forumini tashkil etish va "yo‘l xaritasi" asosida do‘stlik guruhlari ishini qayta tiklash masalalari muhokama qilingan.

Shavkat Mirziyoyev Milliy majlis Raisini joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga taklif etgan.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib qoldirgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 12 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qilgandi. Shuningdek, Mirziyoyev Fransiya Respublikasining oliy mukofoti – Faxriy legion ordeni bilan taqdirlandi


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya O'zbekiston Frantsiya-O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing