Mirziyoyev Erdo‘g‘anni Turkiyaning 100 yilligi bilan tabrikladi
Jamiyat
−
29 Oktabr 2023 5869 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning milliy bayrami – Respublika e’lon qilingan kunning 100 yilligi munosabati bilan Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga tabrik yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston rahbari maktubda Turkiya yetakchisi va oila a’zolariga sihat-salomatlik, farovonlik va baxt-saodat, mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida yangi zafarlar, qardosh turk xalqiga esa tinchlik-omonlik, bardavom taraqqiyot va yuksalishlar yor bo‘lishini tilagan.
“Nasib etsa, siz bilan birgalikda xalqlarimizning umumiy ravnaqini ta’minlash yo‘lida kelishib olgan barcha yirik loyiha va aniq dasturlarni to‘liq amalga oshiramiz hamda ko‘zlagan ulkan marralarimizga albatta erishamiz”, degan Mirziyoyev.
Shuningdek, qutlovda ikki xalq o‘rtasidagi umumiy til va urf-odatlar, o‘zaro hurmat va hamjihatlik tamoyillariga asoslangan keng qamrovli strategik sheriklik aloqalarining so‘nggi yillarda sifat jihatidan yuqori bosqichga ko‘tarilib, O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarida yangi tarixiy davr boshlagani qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, 1923 yil 29 oktyabrda Mustafo Kamol Otaturk Turkiyani Respublika deb e’lon qilgan va uning rasmiy nomini (turkcha: Türkiye Cumhuriyeti) Turkiya Respublikasiga o‘zgartirgan. Shundan so‘ng Turkiya Buyuk Millat Majlisida ovoz berish bo‘lib o‘tib, uning natijalariga ko‘ra Mustafo Kamol Otaturk Turkiya Respublikasining birinchi Prezidenti etib tayinlangan.
Aytish joiz, Turkiya 1920 yilning 23 aprelida – Turkiya Buyuk Millat Majlisi (parlamenti) tashkil etilgandan beri amalda respublika bo‘lgan, biroq Turkiya Respublikasining rasmiy e’lon qilinishi oradan uch yarim yil o‘tibgina sodir bo‘lgan. Shu kundan boshlab bu sana mamlakatda milliy bayram – Respublika (Jumhuriyat) kuni sifatida nishonlab kelinadi.
Live
Barchasi“Samarqand darvoza”da Tahoe yonib ketdi
19 dekabr