Mirziyoyev bir so‘zli inson – Tramp
Olam
−
23 Sentabr 13926 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevning "Boeing" kompaniyasi bilan tuzgan shartnomasini olqishladi. Bu haqda Oq uy rahbari o‘zining Truth Social tarmog‘ida yozib qoldirdi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Mirziyoyev "Boeing" samolyotlari bo‘yicha ulkan bitim imzolagan.
“Shu oy boshida men O‘zbekiston Prezidenti hurmatli Shavkat Mirziyoyev bilan suhbatlashgan edim. Bugun men Prezident Mirziyoyevni "Boeing" bilan ulkan bitim imzolangani bilan tabriklayman! “Uzbekistan Airways” 8 milliard dollardan ortiq mablag‘ evaziga 22 ta "787 Dreamliner" samolyotini xarid qiladi. Bu Qo‘shma Shtatlarda 35 000 dan ortiq ish o‘rinlarini yaratadi”, degan Tramp.

Amerika Prezidenti, shuningdek, Mirziyoyev bilan ko‘plab masalalarda ishlamoqchi ekanini bildirgan.
“Prezident Mirziyoyev – bir so‘zli inson va biz boshqa ko‘plab masalalar ustida birgalikda ishlashda davom etamiz! Bu masalaga e’tiboringiz uchun tashakkur”, deya yozgan Oq uy rahbari.
Qayd etish joiz, Shavkat Mirziyoyev kecha, 22 sentyabr kuni Nyu-York shahrida "Boeing Global" kompaniyasi prezidenti Brendan Nelson bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida davlat rahbari Boeing samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha yangi shartnoma va uzoq muddatli hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzoladi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev ayni damda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun AQSHning Nyu-York shahrida bo‘lib turibdi. Mirziyoyevning bugun, 23 sentyabr kuni BMT minbarida nutq qilishi rejalashtirilgan.
Live
Barchasi