Mirziyoyev ayollar uchun “SPEKA e’tirofi” xalqaro mukofotini ta’sis etishni taklif qildi

Jamiyat

image

Bugun, 24 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Baku shahrida BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPEKA) birinchi sammitida ishtirok etdi.

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev raisligida o‘tgan tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari Xojamirat Geldimiradov, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi ijrochi kotibi Tatyana Molchan hamda Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKAP) ijrochi kotibi Armida Alisjabana, shuningdek, faxriy mehmonlar – Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban va Gruziya Bosh vaziri Irakliy Garibashvili, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Bosh kotibi Jasim Al-Budayviy qatnashdi.

O‘zbekiston yetakchisi Ozarbayjonning samarali raisligida SPEKA doirasidagi mintaqaviy hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidlagan.

Mirziyoyevning qayd etishicha, mazkur muhim platforma Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda mintaqaviy sheriklikning amaliy mexanizmi sifatida o‘zining nihoyatda zarurligini yaqqol ko‘rsatgan.

Aytilishicha, dastur doirasida tijorat, kommunikatsiya, transport va logistika, raqamlashtirish, energetika, suv resurslari, ekologiya, gender tengligi va boshqa sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 400 dan ortiq loyihalar hayotga tatbiq etildi, savdoni soddalashtirish va innovatsion rivojlanish strategiyalari qabul qilingan.

“Hozirgi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlari, Ozarbayjon, Gruziya va Vengriya bilan sanoat kooperatsiyasi va infratuzilma bo‘yicha yirik dasturlarni amalga oshirmoqdamiz. Qo‘shma investitsiya kompaniyalarini tashkil etib, moliyalashtirish mexanizmlarini yo‘lga qo‘ydik. Chegara hududlarida zamonaviy savdo-logistika markazlari va maxsus iqtisodiy zonalar barpo etilmoqda”, degan Prezident.

Hozirgi global geosiyosiy beqarorlik sharoitida mintaqa mamlakatlari duch kelayotgan xavf-xatarlarga e’tibor qaratib, O‘zbekiston yetakchisi SPEKA doirasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytirish bo‘yicha qator amaliy tashabbuslarni ilgari surgan.

Dasturni iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish borasida yanada ta’sirchan mintaqaviy platformaga aylantirish maqsadida sheriklikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ishchi guruhlar faoliyati samaradorligini keskin oshirish, dasturning institutsional asoslarini mustahkamlash zarurligi qayd etilgan.

Shuningdek, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi hamda ESKAP ekspertlari bilan birgalikda “SPEKA–2030” taraqqiyot konsepsiyasini ishlab chiqish taklif etilgan.

Mintaqaviy savdoni rag‘batlantirish maqsadida Shavkat Mirziyoyev mavjud to‘siqlarni bartaraf etish va eksport-import operatsiyalarini texnik tartibga solish choralarini uyg‘unlashtirish borasida jahondagi eng ilg‘or tajriba va amaliyotlarni joriy etishni nazarda tutadigan qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish maqsad muvofiqligini ta’kidlagan.

Mirziyoyevning fikricha, ushbu choralarning qabul qilinishi davlatlarning o‘zaro savdo aylanmasini 2030 yilga borib 100 milliard dollarga, uning tarkibidagi sanoat mahsulotlari ulushini esa 70 foizga yetkazish imkonini beradi.
Bundan tashqari, “Yashil” iqtisodiyot, innovatsiyalar, yuqori texnologiyalar, logistika, muqobil energetika, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, zamonaviy ijtimoiy infratuzilmani yaratish va boshqa sohalardagi yirik loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida SPEKAning Maqsadli jamg‘armasini kelgusi yilning o‘zida tashkil etish va uning amaliy ishini yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etilgan.

“Jamg‘arma xalqaro taraqqiyot institutlari bilan faol ishlashi, ustuvor loyiha va dasturlarga moliyaviy resurslar va grant mablag‘larini eng maqbul shartlarda jalb etishi lozim. O‘zbekiston ham uni shakllantirish uchun o‘z moliyaviy hissasini qo‘shishga tayyor”, degan Shavkat Mirziyoyev.

O‘zaro bog‘liq transport yo‘laklarini rivojlantirish haqida so‘z yuritar ekan, Prezident Mirziyoyev Transkaspiy multimodal yo‘lagi doirasida ma’lumot almashish jarayonini raqamlashtirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi”ni hayotga to‘liq tatbiq etish zarurligini ta’kidlagan.

Kelgusi yilda O‘zbekistonda “Raqamli transport marshrutlari” xalqaro forumini o‘tkazish tashabbusi ham ilgari surilgan.

Shuningdek, BMT ixtisoslashgan institutlari bilan mintaqada transport bog‘liqligini kuchaytirish bo‘yicha yirik loyihalarni faol ilgari surish niyati bildirilgan.

O‘zbekiston yetakchisi SPEKA doirasida oziq-ovqat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha yuqori darajadagi maxsus ishchi guruhini tuzishni va uning ilk uchrashuvini kelgusi yili Samarqandda o‘tkazishni taklif qilgan.

“Ushbu tadbirning kun tartibidan yetakchi agrosanoat korxonalarimiz o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish va qo‘shimcha qiymat zanjirlarini yaratish, ilmiy-texnologik almashuvlarni rag‘batlantirish va resurslarni tejaydigan ilg‘or yechimlarni joriy etish, “ekspress” yo‘laklarni ishga tushirish kabi masalalar asosiy o‘rin egallaydi”, degan O‘zbekiston rahbari.

Suv, energetika, ekologiya va qishloq xo‘jaligi sohalari o‘zaro uzviy bog‘liq ekanidan kelib chiqib, SPEKAning keng ko‘lamli yangi konseptual hujjatini – ko‘p tomonlama “Yashil strategiyasi”ni qabul qilish vaqti kelgani ko‘rsatib o‘tilgan.

“BMT tahlillariga ko‘ra, suv taqchilligi tufayli mintaqa davlatlari har yili qariyb 2 milliard dollargacha mablag‘ yo‘qotmoqda. Bunday murakkab jarayon yanada kuchaysa, muammolar kompleks hal etilmasa, kelgusida aholi jon boshiga suv bilan ta’minlash ko‘rsatkichi 25 foizga, hosildorlik esa 40 foizga qisqarib ketishi mumkin, degan Prezident Mirziyoyev.

O‘zbekiston yetakchisi gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish masalalariga ham e’tibor qaratgan.
Bu borada ishbilarmon xotin-qizlarning faol tashabbuslarini va aniq rejalarini doimiy va tizimli rag‘batlantirish maqsadida SPEKA Tadbirkor ayollari kengashini tuzish taklif qilingan.

Bundan tashqari, Prezident Mirziyoyev ushbu kengash doirasida mamlakatlar ravnaqi va iqtisodiy taraqqiyotiga, umumiy hamkorlikka beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan ayollarni “SPEKA e’tirofi” xalqaro mukofoti bilan taqdirlash tashabbusini ilgari surdi.

Shuningdek, Mirziyoyev ikki kun muqaddam Parijda qabul qilingan, UNESCOning Bosh Assambleyasi sessiyasini ilk bor Markaziy Osiyoda –Samarqand shahrida 2025 yilda o‘tkazish bo‘yicha tarixiy qarorni qo‘llab-quvvatlagani uchun barcha ishtirokchilarga alohida tashakkur izhor etgan.

So‘zining yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston barqaror taraqqiyot va farovonlikni ta’minlash maqsadida SPEKA mintaqaviy dasturi doirasidagi ko‘p tomonlama sheriklikka sodiqligini yana bir bor tasdiqlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev BMT ayollar SPEKA e'tirofi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing