Milliardlarni yutib, “mazmun qusayotgan” madaniyat yoxud madaniyat reanimatsiyada

Madaniyat-san’at

Reklama
0:00

Xar qanday davlatning kuchi nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar yoki yalpi ichki mahsulot hajmi, balki uning ma’naviy immuniteti bilan ham o‘lchanadi. Yurtimiz O‘zbekistonda bugun bu immunitet juda zo‘r emas. Shu sabab Prezident Shavkat Mirziyoyev ham madaniyat vakillari bilan uchrashuvda tarbiya va mafkura masalasidagi muammolarni ochiq aytdi.

“Ba’zan bizda milliy ruh yetishmaganday bo‘lyapti. Sahna asarlari bor, lekin kuchli ta’siri yo‘q. Qo‘shiqda ovoz bor, lekin xalqning o‘tkir nafasi sezilmayapti. Kinoda harakat bor, lekin xalqning dardi, g‘ururi ko‘rinmayapti. Ba’zi asarlarda shakl bor, lekin katta g‘oya yo‘q. Eng xavfli narsa, ayrim yoshlar o‘z milliy qahramonlaridan ko‘ra, begona obrazlarga ko‘proq ergashyapti. Boshqalarning g‘oyasi bilan fikrlayapti. Milliy o‘zligimiz va ruhiyatimizni ifodalash uchun ijod va san’atdan ta’sirliroq va kuchliroq vosita yo‘q desam, hammalaringiz qo‘shilsalaringiz kerak, bu haqiqat. Shu bois, milliy ruhni uyg‘otadigan san’at kerak. Xalqni ilhomlantiradigan adabiyot kerak. Yoshlarga faxr va iftixor beradigan kino kerak. Qalblarni jumbushga keltiradigan musiqa zarur”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Ilhaq” filmini ko‘rganmisiz? 5 ta bolasidan qora xat olgan onaning jasorati, beva qolgan kelinlarning beliga belbog‘ bog‘lashi yoki qarg‘alar qo‘shig‘ini aytib jon bergan askar sahnasi ozgina bo‘lsa ham ta’sir qilgan-ku, to‘g‘rimi? Yoki “Mendirman Jaloliddin” haqidagi serialning qaysidir sahnasi sizni ruhlantirgandir? Ha, o‘zbek kinosi u qadar o‘lgani yo‘q. “Ibrat”, “O‘zbek qizi”, “Bahodir Yalangto‘sh”, “Islomxo‘ja”, “Farz”, “Muhabbat bahori”, “Abdulla Oripov”... Yaqin yillarda olingan va hozir esimga kelganlari shu. Qarang, barmoqlarim ortiqcha hatto. Ya’ni ular kam. Ammo televizorni yoqqan paytingiz, kamgina byudjetga mosgina qilib ishlangan, oilaviy va juda mayda maishiy mavzularni qamrab olgan, 4 tagina odam ko‘rsatiladigan kino… e yo‘g‘-e, kadrlar ketma-ketligi chiqaveradi. Psixologiyada aniq fakt bor. Inson bir narsani odatiy va to‘g‘ri deb qabul qilishi uchun 21 kun yetarli bo‘ladi. 1 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’at sohasi vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvida sohadagi yuzaki yutuqlar ortiga yashiringan tizimli inqirozni, mafkuraviy bo‘shliq haqida ochiq-oydin gapirdi.

“Bizga har yili xalqaro festivallar darajasida e’tirof etiladigan turli mavzulardagi kamida besh-o‘nta sifatli filmlar kerak. Aslida tomoshabin kinodan voz kechgani yo‘q. Uning didi, dunyoqarashi, talab va ehtiyoji o‘zgardi. Bugun xalqimiz sizlardan hayotiy kinofilmlar, seriallar va ommabop hujjatli asarlarni kutyapti. Shu bois, “O‘zbekfilm”ga milliy maqom berib, uni mahalliy va xalqaro kinoindustriyaga xizmat ko‘rsatadigan markaziy kinokonsernga aylantiramiz. Milliy filmlarimizni xalqaro bozorlarga olib chiqish maqsadida global kino platformalari bilan hamkorlikni kuchaytiramiz. Shu yilning 1 sentyabridan davlat buyurtmasi asosida kino yaratishda targ‘ibot va reklama xarajati uchun film byudjetining 30 foizigacha mablag‘ ajratiladi”, dedi prezident.

Milliy mafkura haqida gap ketar ekan, gap faqat kinoda emas. Qo‘shiq, she’r, spektakl, hikoya, roman – hamma-hammasi bunda rol o‘ynaydi. Xo‘sh, oxirgi marta qaysi qo‘shiq sizni o‘zbek o‘laroq faxrlantirdi? Qaysi yangi she’rdan keyin g‘ururni his qildingiz? Mayli, aybni o‘zimizdan ham qidiraylik, oxirgi marta qachon berilib she’r o‘qidik? Javobingizni xolis, faqat o‘zingizga bering, mayli. Shu sabab “yaxshi ijodkor yo‘q” deyishdan oldin “men yaxshi kuzatuvchimanmi?” degan savolni ham o‘zingizga berib ko‘ring.

“Xalqimizning sevimli shoiri Erkin Vohidovning “O‘zbegim” qasidasi mustabid tuzum davrida milliy g‘ururimizni qanchalik ko‘targanini hammamiz eslaymiz. Chin vatanparvarlik madhiyasi bo‘lgan mana shu qasida butun bir millatni uyg‘otib, xalqimiz qanday buyuk ajdodlarning davomchisi ekanligini chuqur anglashga xizmat qilgan. Hozir ham xalqimiz ko‘nglidagi vatanga muhabbat, millatga sadoqat ruhini uyg‘otadigan, katta-katta islohotlarimizni odamlarga yetkazib beradigan qasida, qo‘shiq va romanlar, spektakl va filmlar yaratadigan ijodkorlar ko‘p. Shu bois, har yili bu yo‘nalishda ham tanlovlar o‘tkazib boramiz. Gran-pri sohiblarining ijodini yanada qo‘llab-kuvvatlash uchun grantlar berib, qaror qabul qilamiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu hali hammasi emas. Prezident ijod ahli uchun bir qator imtiyozlarni e’lon qildi. Yil davomida o‘zini ko‘rsatgan, faol bo‘lganlarga oyiga 5 mln so‘m qalam haqi, 1 sentyabrdan respublika tanlovi g‘oliblariga 100 million so‘m, nufuzli xalqaro tanlov sovrindorlariga 300 million so‘mgacha mukofot, har yili 100 nafar yoshni davlat hisobidan xorijiy madaniyat va san’at muassasalariga o‘qishga yuborish, maoshlar oshirilishi, ustozlarga ustamalar, ashula-raqs ansambllari xodimlarining maoshini 2 barobar oshirish va hokazolar bo‘ladi.

Aslida avvalgi yillarda ham madaniyat sohasi vakillariga qator imtiyozlar berilgan. 2020 yilda madaniyat sohasini rivojlantirish uchun davlat byudjetidan taxminan 700-800 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Bu yili asosiy e’tibor global pandemiya sharoitida madaniyat va san’at xodimlarini moddiy jihatdan qo‘llab-kuvvatlashga, shuningdek, faoliyati to‘xtab qolgan teatr va muzeylarning joriy xarajatlarini davlat yordami asosida qoplashga qaratildi.

2021 yilda ajratilgan mablag‘lar miqdori sezilarli darajada oshib, 1,1 trillion so‘mni tashkil etdi. Ushbu mablag‘lar hisobidan respublika bo‘ylab “Madaniyat karvoni” tadbirlari yo‘lga qo‘yildi, hududlardagi ko‘plab madaniyat markazlari zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi hamda Nukus shahrida Xalqaro baxshichilik san’ati festivali yuqori saviyada tashkil etildi.

2022 yilda soha byudjeti 1,4 trillion so‘mga yetkazildi. Shu yili Madaniyat va Turizm vazirliklari vaqtincha birlashtirilgani sababli, mablag‘lar asosan yirik madaniy infratuzilma loyihalariga, o‘zbek madaniyatini xalqaro maydonda targ‘ib qilishga hamda Surxondaryoda an’anaviy “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalini qayta tiklash va o‘tkazishga yo‘naltirildi.

2023 yilda davlat tomonidan madaniyat tizimiga 1,6 trillion so‘m mablag‘ ajratildi. Ushbu moliyaviy resurslar Sirdaryo viloyatida (Gulistonda) navbatdagi Baxshichilik festivalini o‘tkazish, milliy maqom san’atini hamda opera ijrochiligini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan maxsus davlat dasturlarini moliyalashtirishga sarflandi.

2024 yilda soha xarajatlari yanada o‘sib, 1,9 trillion so‘mni tashkil qildi. Ushbu mablag‘larning katta qismi madaniyat va san’at muassasalarining moddiy-texnik bazasini tubdan yangilashga yo‘naltirildi. Masalan, yilning faqat birinchi yarim yilligida tizimdagi joriy xarajatlar va loyihalar uchun 435 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ bevosita o‘zlashtirildi.

O‘tgan 2025 yilda madaniyat sohasi uchun ajratilgan byudjet rekord darajaga – 2,3 trillion so‘mga yetdi. Bu mablag‘lar doirasida Xiva shahrida IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivali nihoyatda keng ko‘lamda tashkil etildi, respublika teatrlari va kino sanoatini modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik loyihalar boshlandi.

So‘nggi 10 yillikda 10 ga yaqin qaror, farmonlar imzolangan bo‘lsa-da, madaniyat, san’at markazlarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish bo‘yicha qator moliyaviy resurslar, manbalar yo‘naltirilganiga, madaniyat sohasi xodimlarining maoshlari oshirilganiga, tizimga e’tibor kuchayganiga qaramay, bu sohada rivojlanish u qadar kuzatilayotgani yo‘q. Ha, tan olish kerak, ora-orada ayrim yosh ijodkorlar chet el tanlovlarida g‘alaba qozonyapti. Bundan albatta biz ham quvonamiz, faxrlanamiz. Lekin qachongacha shular bilangina ovunamiz! “Hammasi yaxshi” deb o‘z faoliyatiga tanqidiy nazar tashlamaslik haqiqatda yutuq olib kelishi mumkinmi? Berilgan va berilayotgan imkoniyatlar hamda natijalar solishtirilganida balans mosmi? O‘zini oqlayaptimi degan savolga aniq ishonch bilan “ha” deb javob berish mumkinmi?

Hozir neytral qaray oladigan, mustaqil fikrlay oladigan kimning og‘ziga mikrofon tutmang, madaniyat sohasidagi muammolar, madaniyatchilarning o‘zining madaniyatsizligi haqida e’tirozlarini bildira boshlayapti. Madaniyat vazirligiga bu borada e’tibor qaratadigan bo‘lsak, oxirgi yillarda muzeylar faoliyati, turizm, madaniy meros yo‘nalishlari madaniyat vazirligi tarkibidan chiqarib tashlanganining o‘zi vazirlikda qanchalik yo‘qotishlar borligini anglatadi. Ozodbek Nazarbekov Qalampir.uz’ga bir necha yillar oldin bergan intervyusida ham “Madaniyat vazirligining vazifasi odamlarning oddiy hayotiga madaniyatni olib kirish” deb aytgan edi. Holbuki, bugun madaniyat ayrim madaniyat xodimlarining o‘zidan qochdi. Ularni nomma-nom aytib yoki hamma yerda saviyasizlik va sharmandalikni ko‘rsatayotgan harakatlariga to‘xtalib o‘tishni o‘zimizga loyiq ham ko‘rmaymiz.

Madaniyat sohasi vakillari davlat rahbari bilan uchrashishi oldidan vazirlik darajasida uchrashuvlar tashkil qilinib, takliflar tinglangan edi. Bundan maqsad Prezidentga sohani rivojlantirish masalasida jo‘yali fikrlarni jamlash edi. Uchrashuvda bir qator yulduzlar so‘z ham olishdi. Ammo haqiqatda zo‘r deb aytish mumkin bo‘lgan taklifni kimdir bera oldimi, degan savolga javob topish biroz mushkuldek.

Madaniyat xodimlari orasida o‘z sohasini iqtisodiy, ijtimoiy va xalqaro tendensiyalar bilan bog‘lay oladigan strateglar yetishmasligi ko‘rinib qoldi. Masalan, teatr yoki kino sohasini qanday qilib davlat qaramog‘idan chiqarib, o‘zini-o‘zi boqadigan (ta’minlaydigan) va eksportbop sohaga aylantirish bo‘yicha kreativ menejerlik takliflari berilmadi. Ular hamon sohani faqat “davlat pul berishi shart bo‘lgan sub’ekt” sifatida ko‘rishmoqda. Bugungi dunyoda madaniyat kreativ iqtisodiyotga aylanib bo‘lgan. Raqamli platformalar: Netflix, Spotify, YouTube, sun’iy intellektning san’atdagi o‘rni, milliy kontentni global bozorga olib chiqish mexanizmlari haqida professional taklif kiritadigan birorta zamondosh ijodkor ko‘zga tashlanmadi. Takliflar hamon “teatr binosini ta’mirlash” yoki “konsert dasturlarini ko‘paytirish”, “fonogramma va jonli ijro” kabi an’anaviy formatdan nari o‘tmadi. Prezident ularga “Menga taklif bering, erkin gapiring”, deb imkoniyat berganida ham, ular tizimni tubdan isloh qiladigan dadil g‘oyalarni o‘rtaga tashlashga botina olmadi. Bu – ijodiy elitaning intellektual jihatdan biroz “toliqqanini” ko‘rsatadi.

“Bir narsani bilinglar. Dori-darmon inson tanasini davolasa, sizlarning ijodingiz odamlarning qalbiga malham, millat ma’naviyati uchun ozuqadir. Davlatni iqtisod ko‘taradi, qonun boshqaradi, armiya himoya qiladi. Lekin qaysi mamlakat adabiyot va madaniyatga e’tibor bersa, kelajagi albatta mustahkam bo‘ladi. Qaysi jamiyat ijod va san’atni qadrlasa, o‘sha xalqning ma’naviy immuniteti albatta kuchli bo‘ladi. Bugun dunyoda eng katta kurash inson ongi va qalbini egallash uchun ketyapti. Mana shu kurashda kitob bu – qurol, teatr bu – tarbiya, kino bu – g‘oya, musiqa bu – odamlarning ruhini ko‘tarish. Adabiyot millat xotirasi, sahna esa xalqning oynasidir. Bitta yaxshi asar, ta’sirchan qo‘shiq millatning ruhini ko‘taradi. Birgina spektakl jamiyat tafakkurini uyg‘otadi. Kinodagi bir obraz butun avlodning qarashini o‘zgartirishga qodir”, dedi prezident.

Xo‘sh, davlat rahbari nima uchun aynan bugun ijodkorlar oldiga bunday keskin va strategik talablarni qo‘ymoqda? Sababi, yaltiroq sahnalar va dabdabali hisobotlar ortida millatning eng katta boyligi – g‘oyaviy mustaqillik va yoshlar tarbiyasi boy berilayotgan bo‘lishi mumkin. Prezident madaniyat sohasidagi eng og‘riqli nuqtani, ya’ni asarlardagi soxtalik va mazmunsizlik fojiasini ochiq aytdi hamda ziyolilarga qarab, millat uyg‘onishi uchun aslida qanday san’at kerakligini eslatdi.

Xullas, endi madaniyat va adabiyot sohasi vakillariga milliardlab pullar ajratiladi. Ular bunga loyiqmi? Mantiqan – ha! Chunki ular ma’naviyat ulashadi. Ammo davlat byudjeti, ya’ni soliq to‘lovchilarning mablag‘i hisobidan berilayotgan bu milliardlar evaziga jamiyat haqiqatda kerakli narsalarni olishi kerak. Yana o‘sha ijtimoiy tarmoqlardagi bachkanaliklar, saviyasiz kliplar, nimanidir ilinjida, laganbardorlik uslubida qalam tebratishlar, to‘y xizmatlaridagi dabdababozliklar kerakmas bizga. Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat vakillariga eng oldingi safda turish mas’uliyatini yukladi. Zotan, dunyoda inson ongi va qalbi uchun kurash ketayotgan bir paytda, asosi taqlid bo‘lgan san’at emas, millatga sadoqat bilan sug‘orilgan madaniyat g‘alaba qozonadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing