“Millatdoshlari ishini takrorladi”. Rus aktyori o‘zbekni kalaka qilishda ayblanmoqda
Jamiyat
−
26 noyabr 2025 22794 7 daqiqa
Egasiz sang‘igan har daydi jonzot
Boshini silasang qo‘ling tishlaydi.
Nogahon g‘ingshibsan, insonsan nahot,
Muzdek yuragingda g‘araz qishlaydi.
Saxovat so‘zining ma’nosin bilmay
Mehmondan ming farsah qochguvchi bu – sen.
Siylagan kimsani nazarga ilmay,
Tag‘in zahrini ham sochguvchi bu – sen.
Bu O‘zbekiston Xalq shoiri Abdulla Oripovning she’ridan parcha. Uni shoirning qizi Ruxsora Oripova rus aktyori Sergey Bezrukovning harakatlariga javob tariqasida o‘z kanalida ulashdi. Gap shundaki, O‘zbekistonning “Do‘stlik” ordeni sohibi, “Brigada” seriali orqali ko‘pchilikka yaxshi tanish rossiyalik aktyor Sergey Bezrukov o‘zbekistonlik shaxsning ruscha talaffuzini kalaka qilgani ortidan keskin tanqidga uchradi.
Bundan ikki oy oldin aktyor TACC nashri tashkil etgan matbuot anjumanida 2022 yil sentyabr oyida o‘tkazilgan “Ipak yo‘li durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivalida qatnashganini yodga olgan. Bezrukov o‘sha safar chog‘i rus shoiri Sergey Yeseninning qizi – Tatyana Yeseninaning Toshkentdagi qabriga gul qo‘yish bilan bog‘liq hodisani hikoya qilar ekan, o‘zbekistonliklar tomonidan ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik va odamgarchilik haqida masxaraomuz ohangda fikr bildiradi, “rus tilini bilmaydigan” o‘zbekistonliklarni kalaka qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aktyor kechasi qabristonga borgan, rus tilini bilmaydigan qabriston qorovuli esa uni ko‘rib, “Brigada” serialidagi obrazi – Sashka Beliyni eslagan. Aktyor mazkur holatni bo‘rttirilgan holatda rolga kirib namoyish etgan va qorovulning “Beliy” so‘zini talaffuz qilganini kalaka qilgan. Aktyor o‘z so‘zini o‘zbekcha “rahmat” bilan tugatish maqsad qilgan, ammo noto‘g‘ri talaffuzda “rahmet” degan.

Ushbu videolavha tarqalishi ortidan o‘zbekistonlik jamoat faollari aktyorni o‘z haddini bilmaganlikda ayblab, uning nojo‘ya fikrlariga qarshi keskin e’tiroz bildirdi. Xususan, jamoat faoli, jurnalist Shahnoza Soatova aktyor Bezrukovni “madaniyatsizlikning cho‘qqisini ko‘rsatib ketish”da aybladi va o‘zbek xonandasi Jaloliddin Ahmadaliyevning Rossiyadagi konsertida migrantlarga qarshi o‘tkazilgan reydni esga oldi.
“Biz bularni quchoq ochib kutib olamiz, ziyofatlar beramiz, yelkasiga to‘n yopamiz, sahnalarimizga chiqib katta pullar ishlashiga qo‘yib beramiz. Bular esa yurtiga qaytgach “rus tilini bilmaydigan” o‘zbekistonliklarni masxaralab latifa aytib yuradi. Rossiya-Ukraina mojarosi boshlanganidan beri Toshkentda rossiyalik yulduzlar yomg‘iri tinmayapti. Tinch kelib, hurmatini bilib konsert qo‘yib ketsa mayli edi. Yo‘q, ba’zilari madaniyat, san’at olib kelyapman deb madaniyatsizlikning cho‘qqisini ko‘rsatib ketadi. Rossiyada o‘zbek yulduzi hurmatini bilib tinch konsert qo‘yganida esa tadbirning qiziq joyida kirib buzishadi. Madaniy aloqalar, o‘zaro hurmat ikki tomonlama bo‘lishi kerak emasmi?” deya yozdi u.

Shuningdek, Soatova rossiyalik artistlarning miyasidagi shovinizm baribir sezilib qolishini ta’kidladi:
“Men rossiyalik san’atkorlarning yaxshi, saviyali ijodi borligini e’tirof etaman, ularning O‘zbekistonda muxlislari ko‘p bo‘lishini tabiiy qabul qilaman. Lekin tuzingni yeb, tuzlug‘ingga tupurib ketadigan mana bunday nonko‘rlarni oqlash uchun “San’at – tinchlik elchisi”, “Madaniy aloqalar siyosatdan xoli” degan iboralar yopishmaydi. Bularning miyasidagi, mentalitetidagi shovinizm baribir o‘rni kelib toshib chiqadi”.
Voqealarga munosabat bildirish, ayniqsa, rossiyaliklarning shovinizmga burkangan chiqishlariga javob qaytarishda eng dastlabkilardan bo‘lgan jurnalist Sherzodxon Qudratxo‘jayev rus madaniyati vakillari o‘n yilliklar davomida boshqa xalqlarni masxara va mensimay hazil qilishni targ‘ib qilib kelayotgani va o‘zlarini yuqori xalq deb ko‘rsatishga urinayotganiga to‘xtaldi:
“Shu o‘rinda rus madaniyati o‘n yilliklar davomida latifalarda targ‘ib qilib va namoyish etib kelayotgan narsa namoyon bo‘ldi: chukchalar, xoxollar, “kichik xalqlar” – masxara qilish uchun. Begona madaniyat – mensimay hazil qilish uchun. Va mana siz, ushbu mamlakatda turib, o‘sha qarashni beixtiyor takrorlayapsiz: g‘ashlanish, hayratlanish, o‘zingizni “yuqori”, qandaydir “oq tanli odam”dek ko‘rsatishga urinish, qolganlar esa go‘yo 2 navli aborigen yoki hindular...”, deb yozdi u o‘zining Facebook sahifasida.

Sergey Bezrukovning harakatlariga birma-bir javob berar ekan Qudratxo‘ja aktyorning g‘ashini keltirib, alam qilayotgan narsa qorovulning rus tilini bilmasligi emas, O‘zbekistonning unga moslashmasdan yashashga jur’at etayotgani ekanini alohida ta’kidladi. Shuningdek, jurnalistning fikricha, mehmonlarni “Mehmon otangdan ulug‘” deb ideallashtirish kerak emas.
“Keling, chetdan kelgan gastrolchilar oldida yelib-yugurib, ulardan kelgindi kumir yasashni to‘xtataylik. O‘zi shundog‘am hech qayerda kutilmayotgan, jug‘rofiyasi torayib borayotgan rus artistlarini yurtimizga tashrifini kamaytirish payti keldi!”, deb yozdi Sherzodxon Qudratxo‘ja.
Publitsist Rustam Jabborov ham mazkur voqeaga munosabat bildirar ekan, rus aktyorining bu harakati mutlaqo kutilmagan bo‘lmagani va bundan jazavaga tushish kerak emasligini yozdi:
“Bezrukov ham o‘z ishini qilgan xolos. Yuz ellik yildan beri o‘zbek xalqining tuzini ichib tuzlug‘iga tupurib kelgan ko‘plab millatdoshlarining ishini takrorladi xolos. (Albatta, uning millatdoshlari orasida yaxshi insonlar behisob). Keldi, yeb-ichdi, hurmat-izzat ko‘rdi. Gonorarini qurtday sanab oldi. Oxir-oqibat uni hurmat qilib, yarim kechasi uyqusini harom qilib, eshik ochgan bir hamyurtimizni masxaralab o‘tiribdi. Jazavaga tushib nima qilamiz? Asabiylashishning nima keragi bor? Buni tabiiy qabul qilishimiz darkor. Bezrukovga o‘xshagan kimsalar ortiqcha mulozamat, bag‘rikenglik va samimiyatga munosib emas”.
Ta’lim bo‘yicha ekspert Bahodir G‘aniyev esa boshqa jamoat faollaridan ko‘ra qat’iyroq va qattiqroq ohangda post yozdi. U bunday tadbirlarni tashkil qiluvchilarga “rus imperatori itlari”ni taklif qilmaslikni maslahat qildi. G‘aniyev o‘zbeklar boshqa millat vakillarining o‘zbek tilida biror narsa aytishga harakat qilayotganini ko‘rsa xursand bo‘lib, hurmat ko‘rsatishini ta’kidladi. Ekspert mabodo u mamlakatdagi ruslarning o‘zbek tilini bilmasligi yoki yomon talaffuzi haqida yozsa, millatchi, irqchi deb atalishi va izohlar negativlarga to‘lib ketishini yozar ekan, negadir hozirgi vaziyatda O‘zbekistondagi rus tilli aholining jim ekaniga urg‘u berdi.
“Ajablanarli jihati shundaki, Rossiya imperiyasining qulashidan yuz yil o‘tib, Sovet Ittifoqining tugashidan 34 yil o‘tib, demografik jihatdan pasayib borayotgan millat vakillari, 40 yil ichida o‘z davlatlarida ko‘pchilikni tashkil etishdan to‘xtaydigan bo‘lsa ham, hanuz imperiya va shu bilan birga qaramlik (ko‘proq feodal) fikrlash tarzida qolgan”, deb yozgan Bahodir G‘aniyev o‘zining Telegram kanalida.
Yana bir jurnalist Navbahor Imomova ham holatga o‘z munosabatini bildirar ekan, O‘zbekistonning “tadbirboz” ekanini tanqid qildi va o‘zbekistonliklar ko‘rsatayotgan ehtirom ularga qaytmasligini ta’kidladi: “itni ham, bitni ham mehmonga chaqirib, tekin boqib, yana qo‘liga bebaho durdonalarni tutqazib, ta’zim qilib kutib olib, kuzatishdan faxrlanib yashaydigan xalq hech qachon izzatda bo‘lmasligi”ni urg‘uladi.
“Mana sizga nonko‘rlikning yana bir misoli. Nafaqat O‘zbekistonda, balki chetdagi vatandoshlar ham shunaqa - kim sizga kulib qarasa, boshingizga ko‘tarasiz; bizni tan olyapti, bizga lol qolyapti, degan kayfda do‘ppi-chopon, atlas kiydirasiz. Nafis sopol sovg‘alar, gilamlar, hunarmandchilik namunalari, qavat-qavat dasturxonlar … O‘zbekistonliklarga kim shunday ehtirom qiladi? Hatto qo‘shnilar ham bu qadar oshirib yubormaydi”, deb yozdi jurnalist.

Uning fikricha, dabdabali va qimmat an’ana (illat) lardan voz kechish, amaliy yondashish vaqti yetib, o‘tib ham ketgan.
“Tasavvur qiling, O‘zbekistonga har yili qancha odam tekinga kelib ketadi? O‘nlab forum va anjuman qatnashchilari xarajatlarini siz to‘laysiz (bevosita va bilvosita). Karnay-surnay, milliy kiyimda qishda qaltirab turadigan qiz va o‘g‘illar … Ok, qoyil qolishadi sizga, keyin nima?”, deya bunday dabdababozlikning aslida amaliy nafi yo‘qligiga ishora qilgan Navbahor Imomova.
Ta’kidlash kerakki, o‘zining ushbu harakati orqali tanqidlarga uchrayotgan rossiyalik aktyor Sergey Bezrukov bundan bir yil oldin, 2024 yil noyabrda O‘zbekiston “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan edi. Bunday chiqishlari bilan aktyor o‘zining O‘zbekistonga qanchalik “do‘stona” munosabatda ekanini ko‘rsatdi, deyish mumkin.
O‘zbek jamoatchiligining unga bildirayotgan fikrlarini provokatsiya deb atayotgan Bezrukov aslida o‘zbek xalqini hurmat qilishini aytib chiqdi. Uningcha, qarshi fikrlar millatlar orasida adovat qo‘zg‘ash maqsadida bildirilmoqda. Ha, ular masxara qilsa – hazil, javob qaytarilsa – provokatsiya... Ammo jim ketish – bunday kalakalarga yo‘l ochib berish, emasmi?! Aktyor o‘z chiqishini “obrazga kirish” sifatida qanchalik xaspo‘shlamasin, uning har bir so‘zida qabriston qorovuliga nisbatan bepisandlik bilan masxara sezilib turganiga ko‘z yumib bo‘lmaydi. Nega endi, qorovulning yarim tunda mashhur aktyorni uchratganidan hayajonga tushgani holati “dovdir inson” tasviri orqali nutqni bo‘rttirilgan tarzda bachkanalashtirib tasvirlanishi kerak?