Rossiya migrantlarga qarshi “urush” ochdi, ozarbayjonliklar “ovi” esa davom etmoqda. Isroil Suriyani yana jahannamga aylantirishi mumkin, Ash-Sharaning hayoti esa xavf ostida – Midweek
Tahlil
−
17 iyul 17831 11 daqiqa
Rossiya migrantlarni yanada qattiqroq bug‘moqchi. Bu ketishda Rossiya hududida mehnat muhojirlari uchun faqatgina nafas olish erkin bo‘lishi mumkin.
Rossiyada ozarbayjonliklar ovi davom etmoqda. Ikki davlat bir-birining madaniy tadbirlarini birin-ketin bekor qilmoqda. Ular hali ham kelisha olmayapti.
Erdo‘g‘an 15 iyul kunini xotirlash bilan ovora bo‘lgan bir paytda Suriyadagi hokimiyatga Isroil tomonida chinakam tajovuz yuz bermoqda. Hatto Ahmad ash-Shara hayoti xavf ostida qolgan.
Joriy hafta o‘rtasiga qadar jahonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Midweek dasturida tanishasiz.
Rossiyaga bormang – 2
Aholisi kun sayin kamayib borayotgan, tabiiy o‘sishdan bir necha yillardan buyon darak yo‘q bo‘lgan, iqtisodi chetdan keluvchi migrantlarga muhtoj bo‘lgan Rossiyada migrantlarga qarshi qonun loyihalari ishlab chiqilmoqda, ularni harakatlarini cheklaydigan takliflar berilmoqda. O‘tgan hafta Rossiyada migrantlarni fuqarolikdan mahrum etish asoslarini kengaytiradigan qonun loyihasi Davlat Dumasida birinchi o‘qishdan o‘tdi. Duma rasmiylari qonun loyihasi iyul oyi oxirigacha to‘liq qabul qilinishini aytdi. Joriy haftada esa migrantlarga qarshi yana qator taqiqlar joriy qilish masalasi o‘rtaga chiqdi.
Rossiya Davlat Dumasida bu hafta migrantlar uchun yangi davlat bojlari joriy etishga oid qonun loyihalari ko‘rib chiqilishi ma’lum bo‘ldi. Duma raisi Vyacheslav Volodinga ko‘ra, chet ellik fuqarolar yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga patent berish yoki uni qayta rasmiylashtirish uchun 4200 rubl, mehnat ruxsatnomasini uzaytirish uchun yana 4200 rubl, patent yoki ruxsatnoma nusxasini berish va unga o‘zgartirish kiritish uchun esa 2100 rubl boj to‘lash masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Volodinning aytishicha, chet el fuqarolarining aksariyati Rossiyaga pul topish uchun keladi. Vizasiz mamlakatlardan kelganlar oylik narxi o‘rtacha 8–10 ming rubl bo‘lgan patent oladi, u maksimal bir yil amal qiladi. Keyin esa uni yangilash kerak bo‘ladi. Vizali davlatlardan kelganlar esa mehnat ruxsatnomasini rasmiylashtiradi.
Bu ham yetmagandek boshqa bir qator davlat bojlari ham joriy etilishi yoki oshirilishi rejalashtirilmoqda. Masalan, migrantlarni yashash manzili bo‘yicha ro‘yxatga olish, vaqtinchalik yashash muddati uzaytirilganda hamda avtomobil va boshqa transport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazishdagi harakatlar uchun bojlar joriy qilish yoki oldindan mavjud bo‘lgan to‘lovlarni amalga oshirish kabilar shular jumlasidandir. Volodin bu choralar byudjet tushumlarini ko‘paytirishi, migrantlar ustidan nazoratni kuchaytirishi va noqonuniy migratsiyani kamaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Ammo bunday to‘siqlar bugun Rossiya mehnat bozoridagi eng katta kuch bo‘lgan markaziy osiyolik migrantlar uchun kelgusida Rossiyani emas, balki Sharqiy Yevropadagi mamlakatlarni jozibali qilib ko‘rsatayotganidan Volodinning xabari yo‘q chog‘i.
Ammo bu hali hammasi emas. Joriy haftada shunday qattiq va migrantlar hayotini og‘irlashtiruvchi yana 3 ta taklif ham rus rasmiylari og‘zidan yangradi. Jumladan, Davlat Dumasining Mehnat qo‘mitasi raisi Yaroslav Nilov Rossiyada ishlash uchun borayotgan xorijliklarga nisbatan qo‘shimcha tibbiy talablarni joriy etish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi. Taklifga ko‘ra, hozirda amal qolayotgan tibbiy sug‘urtaga qo‘shimcha ravishda, migrantlar narkotik va psixotrop moddalar mavjud emasligini tasdiqlovchi test natijalarini, OIV (OITS), B va C gepatiti, sil kasalligi yo‘qligi haqida yangilangan tibbiy ma’lumotnomani taqdim etishlari lozim bo‘ladi. Nilovning qo‘shimcha qilishicha, agar ko‘rsatilgan tibbiy hujjatlardan birortasi yetishmasa, migrantlar qaytarib yuboriladi. Albatta, tibbiy ma’lumotnomalar zarur. Ammo bunday hujjatlar bo‘yicha talablarni o‘zida aks ettiradigan qonun loyihasi Rossiyaga nega aynan hozir kerak bo‘lib qoldi, bunisi bizga noma’lum.
Ammo ishonavering, bular hali hamir uchidan patir. Rossiya migrantlarning oylik maoshiga ham ko‘z olaytirtmoqda. Xususan, RIA Novosti xabariga ko‘ra, hukumatga mehnat migrantlaridan maoshining 5,1 foizi miqdorida soliq undirish taklifi bildirilgan. Xabarga ko‘ra, tegishli murojaat Ijtimoiy-iqtisodiy tahlil va rivojlanish dasturlari instituti tomonidan Bosh vazir Mixail Mishustinga yuborilgan. Eng qizig‘i, ushbu mablag‘lar aynan o‘sha migrantlarning o‘zlari uchun mo‘ljallangan ta’lim dasturlarini rivojlantirishga yo‘naltirilishi aytilmoqda. Ammo bu pul rostdan ham tinch va madaniy-ma’rifiy maqsadlarda emas, balki Ukraina osmonida uchayotgan xudkush dronlarga sarflanmasligiga hech kim kafolat bermaydi.
Shunday qilib, turli xil bojlarni oshirish taklifi bor, qo‘shimcha to‘lovlar joriy qilish boyicha ham takliflar yetarli. Oylikdan katta qismini yulib olish ham muhokama markazida. Yopishilmagan faqat migrantlarning o‘z uylariga yuboradigan puli qoldi, deb turgandik, afsus adashibmiz. Rossiya Davlat Dumasi deputatlari migrantlarning xorijga yuboradigan pul mablag‘lariga cheklov qo‘yishni taklif qildi. Bu taklifni “Noviye lyudi” partiyasi vakillari Markaziy bank rahbariga murojaat qilish orqali bildirdi. Ushbu taklifga ko‘ra, agar migrant o‘z rasmiy daromadidan ortiqcha miqdorda pul jo‘natmoqchi bo‘lsa, u daromadlarini tasdiqlovchi moliyaviy deklaratsiyani taqdim etishi lozim bo‘ladi. Hozirgi kunda amaldagi qonunchilikda bunday cheklovlar mavjud emas va pul o‘tkazmalari ustidan nazorat qilinmasdi. Tashabbus mualliflarining fikricha, ayni vaqtdagi huquqiy bo‘shliq noqonuniy daromadlarni legallashtirishga, soliqlardan bo‘yin tovlashga va mablag‘larni yashirincha xorijga chiqarishga sharoit yaratmoqda ekan.
Baku va Moskva ziddiyati tugamadi
Rossiya mavzusidan uzoqlashmaymiz. Baku va Moskva o‘rtasidagi ziddiyat hali ham yakuniga yetmadi. Rossiyaning Novosibirsk shahridagi “Globus” teatri Ozarbayjon davlat akademik rus drama teatrining ikkita spektaklini bekor qildi. Ammo “Minval” nashrining yozishicha, bekor qilish tashabbusi Rossiyadan emas, balki Ozarbayjon madaniyat muassasasi vakillaridan chiqqan. Nashrga ko‘ra, Samad Vurg‘un nomidagi Ozarbayjon davlat rus drama teatrining o‘zi Rossiyadagi gastrollarini to‘xtatishga qaror qilgan. Shuning uchun bu qaror Baku yoki Moskva tomonidan qabul qilingani haqida aniq ma’lumot yo‘q. Chunki hozircha hech bir tomon spektakllar bekor qilinishining sababini ochiqlamadi.
Ammo shunga o‘xshash holat 23-26 iyul kunlari Bakuda o‘tkazlishi rejalashtirilgan Dream Fest atrofida ham sodir bo‘ldi. Avvalroq tadbir tashkilotchilari barcha rossiyalik artistlarni festival dasturidan chiqarib tashlagan edi. Ular orasida Yegor Krid, Stas Pexa, Klava Koka, shuningdek, “Ruki Vverx!” guruhi bor edi. Ommaviy axborot vositalari musiqa ijrochilari Ozarbayjon Madaniyat vazirligining tegishli buyrug‘i bilan festival tarkibidan chetlashtirilgani haqida xabar berdi. Buning ortidan Rossiyadagi ko‘pchilik sayyohlar Dream Fest-2025'ga borishdan bosh tortdi. Shundan so‘ng, Dream Fest musiqa festivali boshlovchilari Milosh Bikovich va Regina Todorenko o‘rnini mahalliy yulduzlar – prodyuser Husniya Magerramova va teleboshlovchi Murod Dadashov egalladi.
Bu faqat madaniyat sohasidagi ziddiyat, xolos. Diaspora a’zolarini qamash, uzoq muddat hibsda saqlab turish esa hali ham davom etmoqda. Rossiyaning Yekaterinburg shahridagi Verx-Isetskiy tuman sudi o‘tgan oy hibsga olingan sakkiz nafar Ozarbayjonlikning hibsda qolish muddatini 19 oktyabrgacha uzaytirdi. Sud majlislari yopiq eshiklar ortida, matbuot ishtirokisiz, lekin Ozarbayjonning Yekaterinburgdagi Bosh konsulligi vakillari ishtirokida o‘tgan. Tuman sudining ma’lum qilishicha, Kamol, Akif, Ayaz, Mazohir va Bakir Safarovlar hamda Ahliman Ganjiyev, Shahin Lalayev va Aziz Abbosovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi 3 oyga uzaytirilgan. Ularga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi “g” bandi – uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan qotillik bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.
Ammo Rossiya huquq tartibot idoralari bu bilan cheklangani yo‘q. Ular ozarbayjonliklarni “ovlash”da davom etmoqda. Yekaterenburg shahrida Ozarbayjon diasporasi rahbari Shaxin Shixlinskiyning o‘g‘li Mutvala Shixlinskiy 15 iyul kuni yana qo‘lga olingani aytildi. Xavfsizlik kuchlaridagi manbalariga tayangan mahalliy nashrlar xabariga ko‘ra, kichik Shixlinskiy tergov qo‘mitasiga so‘roq uchun olib ketilgan, so‘ngra vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga jo‘natilgan. Eslatib o‘tamiz, Mutvala Shixlinskiyning hibsga olinishiga 1 iyul kuni sodir bo‘lgan voqea sabab sifatida ko‘rsatilmoqda. O‘shanda maxsus kuchlar xodimlari “Baku Plaza” savdo markazi yonida yo‘l o‘rtasida Ozarbayjon diasporasi rahbari Shaxin Shixlinskiyni qo‘lga olgandi. Internetda Shixlinskiyni hibsga olinishi aks etgan videolar ham tarqaldi. Unda ichida diaspora rahbari bo‘lgan Mercedes-Benz G-klassi avtomobili o‘rab olingani va xodimlardan biri uning oynasini sindirganini ko‘rish mumkin. Shuningdek, mazkur jarayonda mashina orqaga harakatlanib, xavfsizlik xodimlaridan birining ustidan bosib o‘tgani aytiladi. Rulda esa Mutvala edi. Bu harakat Rossiya Jinoyat kodeksining 318-moddasida nazarda tutilgan hukumat vakiliga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llash jinoyati bo‘lishi mumkin.
Ash-Shara hayoti xavf ostida
Isroil tomonidan gijgijlanayotgan druzlar Ahmad ash-Shara uchun chinakam muammoga aylandi. Joriy hafta Suriyadagi yangi hukumat yana druzlar muammosi bilan yuzlashdi. Ash-Shara hokimiyatni egallagandan buyon Suriya janubidagi asosan druzlar yashaydigan Suvayda shahrida ko‘chmanchi badaviy qabilalari bilan mahalliy qurolli guruhlar o‘rtasida sodir bo‘lgan to‘qnashuvlar kamida 37 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Ushbu hodisa shu yil aprel-may oylaridan beri mintaqada kuzatilgan eng yirik zo‘ravonlik to‘lqini bo‘ldi.
Suriya Ichki ishlar vazirligi rasmiy bayonotda 30 dan ortiq o‘lganlar va 100 ga yaqin yaradorlar borligi haqida ma’lum qilgan va Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda qo‘shinlar safarbar etilgan. Vazirlikka ko‘ra, bu kuchlar mojaro hududiga “bevosita aralashib, to‘qnashuvlarga barham berish, tartib o‘rnatish, aybdorlarni jazoga tortish va sudga topshirish” uchun yuborilgan. Daraa va Suvayda viloyatlari o‘rtasidagi ma’muriy chegaraga xavfsizlik kuchlari joylashtirildi. Suvayda gubernatori Mustafo al-Bakur aholiga “sabr-toqatli bo‘lish va milliy islohot chaqiriqlariga javob berishga” da’vat qilgan. Bir qator druz diniy arboblari ham aholini tinchlikka chaqirgan va Damashq hukumatidan vaziyatga aralashishni so‘ragan. Kuchaygan zo‘ravonlik sababli Suriya Ta’lim vazirligi 14 iyul kuni Suvaydada o‘tkazilishi rejalashtirilgan maktab bitiruv imtihonlarini noma’lum muddatga kechiktirgan. Ammo hukumat kuchlarining katta qismi Suvaydani tark etishga majbur bo‘lgani aytilmoqda. Shundan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda mazkur hududdagi binolar tepasiga druzlar tomonidan Isroil bayroqlarini ilinayotgani aks etgan tasvirlar tarqaldi.
Suvaydo viloyatida badaviylar va druzlar o‘rtasidagi ziddiyatlar uzoq yillardan beri davom etib keladi. Ayrim paytlarda bu kelishmovchiliklar ochiq zo‘ravonlikka aylanadi. Suriyada Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan so‘ng mamlakatda yangi kuchlar hukmron bo‘la boshladi, ammo hali ularning to‘liq tartibni o‘rnatishga muvaffaq bo‘lmagani fonida etnik ozchiliklar, xususan, druzlar Isroil tomonidan Ash-Sharaga qarshi qayralmoqda. Ma’lumot uchun, druzlar o‘ziga xos arab tilida so‘zlashuvchi etno-konfessiyaviy guruh bo‘lib, ularning vakillari Suriya, Livan, Isroil va Iordaniyada yashaydi. Suriyada 700 ming druz istiqomat qiladi, bu bilan ular kurdlar va alaviylardan keyin mamlakatdagi uchinchi yirik diniy va etnik ozchilik hisoblanadi. Bundan oldingi druzlar isyoni aprel-may oylarida kuzatilgandi va o‘shanda druzlar va hukumat kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar o‘nlab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgandi. Shundan so‘ng mahalliy qabila yetakchilari va diniy arboblar tinchlikni saqlash, druzlarni hukumat tuzilmalariga integratsiya qilish bo‘yicha kelishuvlar imzolagan edi.
Bu safargi to‘qnashuvlarni esa huddi o‘tgan safardagisi kabi Yaqin Sharqdagi saraton bezi yana qo‘zg‘adi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Anqarada 15 iyul voqealarini xotirlab katta tadbir o‘tkazish bilan ovora bo‘lgan bir paytda Isroil 16 iyul kuni Damashqdagi Suriya armiyasi Bosh shtab binosiga havo hujumi uyushtirdi. Ushbu kadrlar Suriya televidiniyesining jonli efirida yaqqol ko‘rindi. Isroil kuchlari tomonidan o‘tkazilgan hujum janubiy Suriyada, ayniqsa, Suvayda mintaqasida avj olgan to‘qnashuvlar fonida amalga oshirildi. Isroil rasmiylari ushbu hujumni “druzlar himoyasi” uchun qilindi, deya izohladi. Isroil yana bir qator hukumat ob’ektlariga, hatto muvaqqat prezident Ash-Sharaning qarorgohiga ham zarba yo‘llagani aytildi. Keyinchalik Isroil aqldan ozgan Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad Ash-Sharani yo‘q qilish kerakligini, u bilan kelishib bo‘lmasligini aytib chiqdi.
“Suriyadan olingan dahshatli kadrlar bitta haqiqatni isbotlaydi: bir marta jihodchi bo‘lgan odam har doim jihodchi bo‘lib qoladi. O‘ldiradigan, mo‘ylovini qirqadigan, kamsitadigan va zo‘rlaydiganlar bilan muzokara olib borib bo‘lmaydi. Ularni yo‘q qilish kerak. Ilonning boshi – Ash-Sharani ham yo‘q qilish lozim”, degan Ben-Gvir.
Isroil havo kuchlarining Suriyadagi nishonlari juda keng masshtabda bo‘ldi. Ular Suriya janubidagi hukumat va harbiy binolarga, jumladan hukumat bosh qarorgohiga ham zarbalar berdi. Isroil havo hujumlari aholi yashash punktlarini ham chetlab o‘tmadi. Shu sabab Suriya aholisi Isroil hujumlaridan so‘ng o‘z hukumatini qo‘llab quvvatlamoqda. Suriya xalqi yahudiy davlatining hujumlariga qarshi namoyishga chiqdi. Ular Ash-Shara hukumatini qo‘llab, mamlakatning yangi bayroqlari ostida miting o‘tazdi. Ash-Shara druzlarni himoya qilishga va’da berdi. Suriya muvaqqat prezidenti druz fuqarolarini va ularning huquqlarini himoya qilish uning vazifasi ekanligini aytdi. Qator druz yetakchilari esa o‘z xalqini Isroil siyosati qurboni bo‘lib qolmaslikka chaqirmoqda. Xususan, livanlik druz yetakchisi Valid Janbolat Isroilning druzlardan xo‘rak sifatida foydalanayotganini va ular orqali Suriyada keskinlikni kuchaytirayotganini ta’kidladi.
“Isroil Suriyada tartibsizlik chiqarish uchun ba’zi druzlardan foydalanmoqda. Ular hech kimni himoya qilmaydi, faqat o‘z manfaatlari uchun va arab davlatlarining xavfsizligiga tahdid solish maqsadida boshqalardan foydalanadi. Endi bu safar ular bizning millatdan foydalanmoqda”, degan Janbolat.
Tashqi dunyoda ham Isroil hujumlari keskin tanqid qilinmoqda. Turkiya Tashqi ishlar vazirligi, Eron Tashqi ishlar vazirligi, AQSH davlat departamenti va boshqalar bu bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi. Eron Tashqi ishlar vazir Abbos Aroqchi butun dunyoni Isroilga qarshi birlashishga chaqirdi. Rubio ham Isroilning Suriyaga qilgan hujumlaridan “qattiq xavotirda” ekanligini aytdi. Davlat kotibining qo‘shimcha qilishicha, AQSH kecha-yu kunduz har ikki tomon bilan aloqada bo‘lib, taranglikni yumshatishga harakat qilmoqda.
Live
Barchasi