Metan “zapravka” qurishga ruxsat yo‘q – Bosh vazir o‘rinbosari (video)
Jamiyat
−
08:41 4792 2 daqiqa
Hozir metan gaz “zapravka” qurishga ruxsat yo‘q. Bor metan zapravkalarga gaz yetkazib berisholmayapti. Bu haqda joriy yilning 6 fevral kuni Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev hukumat vakillarining Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida aytib o‘tdi.
Muloqotda Amudaryo tumanida tadbirkor avtomobillar uchun elektr, gaz va benzin zapravkalar qurmoqchi ekanini aytgan. Buning uchun 40 sotix yer olgani, qurilishga barcha jihozlar tayyorligini bildirgan. Faqatgina metan “zapravka” qurishi uchun Energetika vazirligidan ruxsat olishda muammo bo‘layotganini aytib, masalani hal qilishda yordam so‘ragan.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev bunga javoban, mas’ullar ishlab turgan “zapravka”larga ham gaz yetkazib bera olmayotganini aytgan.
“Hozir metan gaz “zapravka” qurishga ruxsat yo‘q. Bor metan zapravkalarga bular gaz yetkazib bera olmayapti. Buni tadbirkorlarga aytmaganmisizlar?” deya savol bergan u Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi raisi Farhod Ermanovga.
Jamshid Xo‘jayev tadbirkorga metan “zapravka” qurmaslik kerakligini ta’kidlagan.
“Qurganiz bilan pulingiz shunday yotadi. Sizga metan bermaydi. Qurilishni boshlamaslik kerak. Nega buni hokimiyat aytmaydi?” deya yana so‘roq tashlagan Bosh vazir o‘rinbosari.
Eslatib o‘tamiz, 20 yanvar kuni havo harorati pasayishi sababli metan “zapravka”lar faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritilgandi.
Keyinchalik, 2 fevraldan boshlab metan “zapravka”lar soat 10:00 dan 16:00 gacha faoliyat yuritishni boshlagan.
Live
Barchasi