Messi muxlislariga murojaat bilan chiqdi
Sport
−
14:37 2894 2 daqiqa
Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi 2026 yilgi Jahon chempionati finalidagi mag‘lubiyatdan so‘ng ilk bor muxlislarga murojaat qildi va musobaqa davomida ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlov uchun ularga minnatdorchilik bildirdi. Bu haqda u o‘zining Instagram sahifasida yozib qoldirdi.
“Og‘riq juda katta va bu yarani davolash oson bo‘lmaydi. Lekin men yaxshi xotiralarni ham eslayman. Biz ortda qoldirgan o‘yinlar, butun mamlakatning qo‘llab-quvvatlashi xotiramda abadiy saqlanadi. Bu esa jamoaning sa’y-harakatlari bilan birgalikda bizga yana bir bor dunyoning eng kuchli jamoalari qatoridan o‘rin olish imkonini berdi. Bugun qilgan ishlarimizni to‘liq qadrlash qiyin, ammo bu jamoa ketma-ket ikkinchi marta Jahon chempionati finaliga chiqdi”, deb yozdi Messi.
Shuningdek, argentinalik yulduz turnir davomida terma jamoani qo‘llab-quvvatlagan muxlislarga minnatdorlik bildirib, Ispaniya terma jamoasini jahon chempionligi bilan tabriklagan.
Eslatib o‘tamiz, Argentina 2026 yilgi Jahon chempionati finalida qo‘shimcha vaqtda Ispaniyaga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lib, 2022 yil Qatarda qo‘lga kiritilgan chempionlik unvonini himoya qila olmadi.
39 yoshli Messi musobaqa davomida 8 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi. U turnirning eng sermahsul futbolchilari ro‘yxatida 10 ta gol va 4 ta assist qayd etgan Fransiya terma jamoasi hujumchisi Kilian Mbappeden keyin ikkinchi o‘rinni egalladi.
Ma’lumot uchun, Lionel Messi Argentina terma jamoasi safida jami 207 ta uchrashuvda maydonga tushib, 125 ta gol muallifi bo‘lgan.