Men endi boshqa Diyoraman – Keldiyorova
Sport
−
10:11 858 2 daqiqa
O‘zbekistonlik dzyudochi, Parij-2024 Olimpiadasi chempioni Diyora Keldiyorova hozirda boshqa Diyoraligini va Parijdan so‘ng ko‘p narsalar o‘zgarganligini aytdi. Bu haqda Keldiyorova Aqtau shahrida o‘tkazilgan 2026 yilgi Osiyo ochiq turniridagi g‘alabasidan so‘ng aytib o‘tdi.
Keldiyorova Parij Olimpiadasidan keyin avvalgi sport formasiga to‘liq qaytganini ayta olmasligini ta’kidladi. Uning fikricha, ikki yillik davr davomida dzyudoga yaqin bo‘lsa-da, musobaqalar muhitidan biroz uzoqlashgan.
“Parijdan oldingi holatimga to‘liq qaytdim, deb ayta olmayman. U yerda boshqacha edim. Hozir esa o‘zimni avvalgi Diyora bilan solishtira olmayman. Men endi boshqa Diyoraman – ona bo‘lganimdan keyin yangilanganman, nazokatliroqman. Ikki yil davomida dzyudoga yaqin bo‘ldim, ammo raqobat muhitidan biroz uzoqlashdim. Shunga qaramay, o‘zimni yaxshi his qilyapman. Men dzyudodan zavq olishni istayman. Bu sportni yaxshi ko‘raman, u bilan yashayman va men uchun undan zavqlanish muhim”, deydi sportchi turnir matbuot xizmatiga bergan intervyusida.
Shuningdek, Diyora musobaqaga qizi bilan kelganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, hozircha farzandi onasining chempion ekanini anglamaydi.
“U uchun eng muhimi, mening yonida bo‘lishim. U meni faqat onasi sifatida xohlaydi. Qanday sportchi ekanimni hali tushunmaydi. Balki vaqti kelib buni anglar”, deydi Keldiyorova.
Ma’lumot uchun, Keldiyorova Parij-2024 Olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritib, dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston tarixidagi ilk Olimpiya chempioniga aylangan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 17 oktyabr kuni Diyora Keldiyorova Aqtaudagi xalqaro dzyudo turnirida 52 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida finalda ozarbayjonlik Farida Mirzayevani muddatidan oldin mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu Keldiyorovaning Parij Olimpiadasidan keyingi ilk turniri bo‘ldi.
Live
Barchasi