Meliqo‘ziyev WBA chempionlik kamari uchun kurashish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi
Sport
−
10:44 3043 1 daqiqa
O‘zbekistonlik professional bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev WBA tashkilotining super o‘rta vazn toifasidagi jahon chempioni Xayme Mungiyaga qarshi majburiy da’vogar sifatida jang qilish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. Bu haqda “Dazn” nashri xabar berdi.
“Riyadh Season” tashkilotchilari joriy yilning 31 oktyabr kuni Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida o‘tkaziladigan boks kechasining to‘liq janglar ro‘yxatini e’lon qildi.
Kechaning asosiy jangi meksikalik sobiq mutlaq jahon chempioni Saul “Kanelo” Alvares hamda mag‘lubiyatsiz fransiyalik Kristian Mbilli o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Ular WBC chempionlik kamari uchun jang qiladi.
Shuningdek, Xayme Mungiya WBA reytingida to‘qqizinchi o‘rinda turgan mag‘lubiyatsiz rossiyalik Nikita Szyuga qarshi chempionlik kamarini ixtiyoriy himoya qiladi.
Joriy yilning sentyabr oyida WBA tashkiloti meksikalik bokschiga bir yildan ortiq vaqt davomida majburiy da’vogar maqomiga ega bo‘lib kelgan Bektemir Meliqo‘ziyevga qarshi chempionlik kamarini himoya qilishni buyurgan edi. Tomonlarga muzokaralar olib borish uchun joriy yilning 21 oktyabrga qadar muddat berilgandi.
Eslatib o‘tmiz, avvalroq, Xayme Mungiya jamoasi Meliqo‘ziyevga chempionlik jangida qatnashishdan voz kechishi evaziga moliyaviy tovon puli taklif qilgani haqida xabar berilgan edi. Biroq o‘zbekistonlik bokschi bu taklifni rad etib, hatto gonorar olmasdan ham jang qilishga tayyorligini bildirgan.
Live
Barchasi