Mbappening jarohati haqida ma’lumot berildi
Sport
−
03 mart 855 1 daqiqa
“Real Madrid” jamoasi hujumchisi Kylian Mbappening chap tizzasidagi pay cho‘zilgani tasdiqlandi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
“Fransiyalik tibbiyot mutaxassislari tomonidan “Real” tibbiy xizmati nazorati ostida o‘tkazilgan tekshiruvdan so‘ng futbolchimiz Kilian Mbappega chap tizza bog‘lamlarining cho‘zilishi tashxisi qo‘yildi. Shuningdek, u hozirda konservativ davolanish kursini o‘tayotgani tasdiqlandi. Uning holati muntazam ravishda nazorat qilinadi”, deyiladi klubning rasmiy bayonotda.
Xabarlarga ko‘ra, Mbappe yaqinlashib kelayotgan Jahon chempionati sabab jarrohlik amaliyotidan voz kechgan va ayni paytda klub shifokorlari bilan muqobil davolash choralarini ko‘rib chiqmoqda.
Mbappe Ispaniya chempionatining doirasidagi “Selta”ga qarshi safar o‘yinini o‘tkazib yuboradi. Jamoa to‘purari Chempionlar ligasi doirasidagi “Manchester Citi”ga qarshi bahsda safga qaytishi mumkin.
Fransiyalik forvard 2025 yil dekabridan buyon tizza bog‘lamlari bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda. Shu sababli Mbappe Chempionlar ligasi pley-off bosqichi doirasidagi “Benfika”ga qarshi (2:1) javob uchrashuvini ham o‘tkazib yubordi.
Ma’lumot uchun, Mbappe 2024 yil yozidan buyon “Real Madrid” safida to‘p tepmoqda. Joriy mavsumda hujumchi klub safida 33 ta uchrashuvda maydonga tushib, 38 ta gol urdi va 6 ta golli uzatmani amalga oshirdi.