Mashhur Gollivud aktyori piyonista bo‘lib qolganini tan oldi
Madaniyat-san’at
−
27 Oktabr 2023 16464 2 daqiqa
Germaniyalik mashhur aktyor Til Shvayger “Xavfli poyga” filmining davomini suratga olish vaqtida spirtli ichimliklarga mukkasidan ketganini tan oldi. Bu haqda “Gazeta.ru” nashri xabar berdi.
“U (suratga olish maydonchasidagi xodim) kirishimga ruxsat bermadi va yo‘limni to‘sdi. U meni sharmanda bo‘lishdan himoya qilmoqchi edi. Lekin men nima qildim? Men uning yuziga tarsaki tushirdim”, deb eslaydi Shvayger o‘zining spirtli ichimliklar sabab kinostudiyalarning vakillari bilan bo‘lgan kelishmovchiliklarini eslarkan.
Shuningdek, aktyor uning "og‘ir ahvoli" farzandiga ruhiy jihatdan yomon ta’sir qilganini bildirdi. O‘shanda u mehmonxonadagi tungi ziyofatdan so‘ng suratga olish maydonchasiga kelgan. Avvaliga menejer Shvaygerni qaytarishga rosa harakat qilgan, ammo aktyor uni itarib yuborgan. Keyin Constantin kinokompaniyasi xodimining jahli chiqib, Shvaygerning o‘g‘li Valentinga hech qachon otasiga o‘xshamaslikni tavsiya qilgan.
“O‘g‘lim uchun bu dahshatli edi. Dunyodagi bironta bola o‘z otasini hayvon qiyofasida ko‘rishni istamasa kerak”, deb afsus qilgan aktyor.
Shvaygerning so‘zlariga ko‘ra, spirtli ichimliklar uning hayotida yomon iz qoldirdi. Nihoyat u tobelikdan qutulib, hayotga qaytishga qaror qildi. Ayni paytda Shvayger ruhshunos nazoratida davolanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Maksim taxallusi bilan mashhur bo‘lgan xonanda Marina Abrosimova alkogolizmdan davolanganidan keyin sahnaga qaytgandi.