Marsda doimiy hayot qurish uchun insoniyat 3 ta to‘siqni yengishi kerak – tadqiqot
Olam
−
08:49 2665 2 daqiqa
Xitoylik olim Marsda odamlarning doimiy yashashini ta’minlash uchun hal qilinishi kerak bo‘lgan uchta asosiy vazifani sanab o‘tdi. Bu haqda Xitoy Fanlar akademiyasi Shanxay astronomiya observatoriyasi kichik ilmiy xodimi Chjan Szyatszyun ma’lum qildi.
Olimning bildirishicha, Yer va Mars o‘rtasidagi aloqa hamda kosmik apparatlar harakatini aniq nazorat qilish muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Bu borada Shanxay astronomiya observatoriyasi rahbarligida ishlab chiqilgan radiointerferometriya texnologiyasi qo‘llanadi. U Marsga yo‘l olgan apparatlarning harakat trayektoriyasini yuqori aniqlikda belgilashga yordam beradi. Ushbu texnologiya Xitoyning “Tyanven-1” missiyasi davomida ham sinovdan o‘tkazilgan.
Ikkinchi vazifa – Marsdan olingan namunalarni Yerga olib kelish. Insoniyat Qizil sayyoraga kosmik apparatlar yuborishni o‘zlashtirgan bo‘lsa-da, u yerdan tuproq va boshqa materiallarni Yerga qaytarish texnologiyasini hali to‘liq yo‘lga qo‘ymagan.
Xitoy Marsdan namunalar olib kelishni maqsad qilgan “Tyanven-3” missiyasini 2028 yilda uchirishni rejalashtirmoqda. Namunalarni Yerga yetkazish esa taxminan 2031 yilga mo‘ljallangan.
Uchinchi vazifa Marsda inson hayotini ta’minlash bilan bog‘liq. Sayyorada harorat juda past, radiatsiya darajasi yuqori, tortishish kuchi Yerdagidan zaif va atmosfera bosimi past. Shuningdek, suv va kisloroddan foydalanish imkoniyatlari cheklangan.
Olimning fikricha, Marsda uzoq muddat yashash uchun sayyoraning mahalliy resurslaridan foydalanish usullarini ishlab chiqish, insonlarni hayot uchun zarur vositalar bilan ta’minlash hamda ilmiy tadqiqotlar olib borish imkoniyatlarini yaratish kerak.
Shunga qaramay, Mars insoniyatning Yer va Oy tizimidan tashqaridagi kosmik makonni o‘zlashtirishida muhim bosqich bo‘lishi mumkin. Olimning aytishicha, Marsda siyrak atmosfera va suv muzlari mavjud. Shuningdek, sayyoradagi sutka davomiyligi va fasllar almashinuvi Yerdagiga o‘xshash. Bu xususiyatlar uni kelajakdagi kosmik tadqiqotlar uchun istiqbolli manzilga aylantiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NASA’ning Curiosity marsoxodi Marsdagi shamol ta’sirida shakllangan g‘ayrioddiy qoyalarni ertalabki tabiiy yorug‘likda suratga olgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi