“Manchester Yunayted” Liga kubogida sensatsion tarzda mag‘lub bo‘ldi

Sport

image

Kecha, 27 avgust kuni “Grimsbi Taun” va “Manchester Yunayted” jamoalari o‘rtasida Angliya Liga kubogi 1/32 final bosqichi o‘yini Klitorps shahridagi “Blandell Park” stadionida bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuvda “Manchester Yunayted” kutilmaganda 4-liga vakiliga mag‘lub bo‘lib, turnirni tark etdi.

Uchrashuvning 22-daqiqasida “Grimsbi Taun” jamoasi futbolchisi Charlz Vernem hisobni ochdi. 30-daqiqada esa Tayrell Uorren mezbonlarning ustunligini oshirdi. 2:0 hisobida ortda qolgan manchesterliklar ikkinchi bo‘limning 75-daqiqasida Brian Mbemo orqali hisobni qisqartirdi. 89-daqiqada Xarri Maguayr muvozanatni tiklab, o‘yinni penaltilarga olib bordi. 

Penaltilar seriyasida MYU posponi Andre Onana Klark Oduorning zarbasini qaytargan bo‘lsa, Mateus Kunya va Brian Mbemo o‘z urinishlarini golga aylantira olmadi. Oxir-oqibat seriya 12:11 hisobida “Grimsbi Taun” jamoasi foydasiga yakun topdi. O‘yindan so‘ng MYU bosh murabbiysi Ruben Amorim o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi:

“Men uchun hisob tenglashganmi-yo‘qmi – bu unchalik muhim emas. Muhimi, biz qanday signallar berdik, ayniqsa, o‘yinning dastlabki bosqichida. Meningcha, bugun maydonda kuchliroq bo‘lgan jamoa g‘alaba qozondi. Hatto eng yaxshi futbolchilar ham mag‘lub bo‘lishi mumkin, chunki har qanday jamoa har qanday ijrochilar guruhidan ustun kelishi mumkin. Bugun jamoamiz ham, ayrim futbolchilar ham o‘z bayonotini berishdi. O‘ylaymanki, hammaga gap nimada ekani aniq, endi oldinga qarab harakat qilishimiz kerak. Shubhasiz, biz o‘yinni kerakli intensivliksiz boshladik, pressing g‘oyasini yo‘qotdik va o‘zimizni yo‘qotgandek ko‘rindik. Shuning uchun yana takrorlayman: futbolchilar maydonda juda qat’iy bayonot berishdi.”

Ma’lumot uchun, “Manchester Yunayted” jamoasi joriy mavsum doirasida 3 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta mag‘lubiyat va 1 ta durrang bilan hali g‘alaba qozona olgani yo‘q.


Maqola muallifi

Teglar

“Manchester Yunayted”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing