Myanma qirg‘oqlarida 2 qayiq cho‘kib ketdi. Qurbonlar 500 dan ortiq bo‘lishi mumkin

Olam

image

Myanma qirg‘oqlari yaqinida qochqinlarni olib ketayotgan ikki qayiqning cho‘kib ketishi oqibatida 500 dan ortiq odam halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ikki qayiq joriy yilning iyun oyi oxirida Myanmaning Rakxayn shtatidagi hududdan yo‘lga chiqqan. Qayiqlarda asosan roxinja musulmonlari bo‘lgan. Ularning ayrimlari Bangladeshdagi qochqinlar lagerlaridan chiqib, Malayziya, Indoneziya yoki Tailandga yetib olishga harakat qilgan.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, hodisalar hali rasman tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, qurbonlar soni 500 nafardan ko‘p bo‘lishi mumkin.

Qayd etilishicha, bortida taxminan 250 kishi bo‘lgan birinchi qayiq yo‘lga chiqqanidan ko‘p o‘tmay aloqani uzgan. Yana bir qayiq esa qariyb 280 nafar yo‘lovchi bilan 8 iyul kuni Myanmaning Irravadi qirg‘oqlari yaqinida cho‘kib ketgan bo‘lishi mumkin.

Mutaxassislar bunday dengiz yo‘llari o‘ta xavfli ekanini ta’kidlamoqda. Andaman dengizi va Bengal qo‘ltig‘i qochqinlar hamda migrantlar uchun dunyodagi eng xavfli yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. O‘tgan yili ushbu hududlarda qariyb 900 nafar roxinja qochqini halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan.

Ma’lumot uchun, roxinjalar Myanmada uzoq yillardan beri ta’qib va zo‘ravonliklarga duch kelib kelmoqda. 2017 yilda Myanma harbiylari Rakxayn shtatida operatsiya boshlaganidan so‘ng 730 mingdan ortiq roxinja qo‘shni Bangladesh hududiga qochishga majbur bo‘lgan. Myanma hukumati esa roxinjalarga qarshi zo‘ravonlik ayblovlarini rad etib, ularni mamlakat fuqarosi sifatida tan olishdan bosh tortib keladi.

2021 yilda Myanmada yuz bergan harbiy to‘ntarishdan keyin vaziyat yanada murakkablashgan. Mamlakatda davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlar Rakxayn shtatiga ham tarqalib, roxinja aholisi hukumat kuchlari va isyonchilar o‘rtasidagi janglar orasida qolgan. Joriy yilda ham Andaman dengizi va Bengal qo‘ltig‘ida qariyb 300 kishi halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Kaliforniya shtatidagi San-Fransisko ko‘rfazida, Alkatraz oroli yaqinida 19 kishini olib ketayotgan ponton qayig‘i cho‘kib ketishi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, yana ikki kishi bedarak yo‘qolgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing