Livan Isroil ustidan BMTga shikoyat qildi
Olam
−
05 fevral 3154 2 daqiqa
Livan Isroilga qarshi Birlashgan Millatlar Tashkilotiga shikoyat bilan murojaat qilib, uni sulh bitimi va BMT Xavfsizlik Kengashining 1701-rezolyutsiyasini buzganlikda aybladi. Bu haqda Livan Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.
BMT Xavfsizlik Kengashiga shikoyat mamlakatning Nyu-Yorkdagi doimiy vakolatxonasi tomonidan yuborilgan.
TIVning ta’kidlashicha, Isroil o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini bajarish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini “butunlay e’tiborsiz qoldirgan”, shuningdek, 27 noyabrda kuchga kirgan tegishli kelishuvga zid bo‘lgan hujumlarni amalga oshirgan.
Livan Tashqi ishlar vazirligi Isroilning o‘t ochishni to‘xtatishdan keyin quruqlikdan va havodan hujumlar uyushtirib, uylar va turarjoylarni vayron qilishda davom etganiga e’tibor qaratdi.
“Nishonlar uyga qaytishni xohlovchi livanliklar, shuningdek, mintaqada ishlayotgan OAV xodimlari va harbiylardir”, deya aniqlik kiritdi vazirlik.
Bayonotda BMT Xavfsizlik Kengashi, xususan, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha vositachilar, AQSH va Fransiya “Isroilning kelishuvni buzganiga javoban qat’iy pozitsiyada bo‘lishga” va “Isroilning kelishuvlarga rioya etishini ta’minlashga harakat qilishga” chaqirildi.
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 26 yanvardan beri Isroil hujumlarida 28 kishi halok bo‘lgan, 216 kishi jarohatlangan.
Ma’lumot uchun, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining 1701-rezolyutsiyasi Isroilni Moviy chiziq orqasidan chekinishga va Livandagi Litani daryosi bilan o‘rtasidagi hududni demilitarizatsiya qilishga chaqiradi, bu yerda faqat Livan armiyasi va Livandagi BMT Muvaqqat tinchlikparvar kuchlariga (UNIFIL) tegishli qurol va harbiy texnika saqlanadi. Biroq Livan janubidagi Litani daryosi va Isroil bilan chegaradosh Moviy chiziq orasidagi deyarli barcha hududlar 2000 yildan beri “Hizbulloh”ning kuchli harbiy ta’siri ostida.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 27 noyabrda Livan va Isroil o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuvga erishilgandi. Kelishuvdan so‘ng Isroil armiyasi 60 kun ichida Livan janubidagi bosib olingan hududlardan qo‘shinlarini olib chiqib ketishi kerak edi. Biroq Isroil Livan armiyasi mamlakat janubida “to‘liq o‘rnatilmagan” deya ishg‘ol muddatini 18 fevralgacha uzaytirdi.
Live
Barchasi