Livan arab dunyosida birinchi bo‘lib o‘lim jazosini bekor qildi
Olam
−
11 avgust 405 2 daqiqa
Bugun, 11 avgust kuni Livan parlamenti o‘lim jazosini bekor qilish va uni majburiy mehnat bilan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirish uchun ovoz berdi. Shu tariqa mamlakat arab dunyosida oliy jazodan voz kechgan birinchi davlatga aylandi. Bu haqda ABC News xabar berdi.
Qayd etilishicha, 128 nafar deputatning ko‘pchiligi o‘lim jazosini bekor qilish uchun ovoz bergan, faqat “Hizbulloh” fraksiyasi qarshi chiqqan. Zalda hozir bo‘lgan Adliya vaziri Odil Nassar ovoz berishni mamlakat uchun “tarixiy qadam” deb atagan.
Aslida Livanda 2004 yilning yanvaridan beri – mamlakatda norasmiy moratoriy amal qila boshlaganidan buyon o‘lim jazolari ijro etilmayotgan edi. Shu bilan birga, sudlar o‘lim hukmlarini chiqarishda davom etar, ammo ular to‘xtatib qo‘yilar yoki boshqa jazolar bilan almashtirilar edi. Moratoriyning mustahkamlanishi yoki o‘lim jazosining to‘liq bekor qilinishiga erishib kelgan huquq-tartibot himoyachilari parlament qarorini olqishlagan.
“O‘lim jazosi o‘zining shafqatsizligi va ortga qaytarib bo‘lmasligi bilan ajralib turadi hamda o‘zboshimchalik, xolis bo‘lmaslik va xatoliklardan xoli emas”, deydi “Human Rights Watch” tashkilotining Livan bo‘yicha tadqiqotchisi Ramzi Qays.
U mamlakat hech qachon tayinlanmasligi kerak bo‘lgan jazodan oxir-oqibat butunlay voz kechishini qo‘shimcha qilgan.
Yangi hukm aynan qanday ijro etilishi noaniq: deputatlarning bir qismi majburiy mehnat ko‘rinishidagi jazo shartlari hali belgilanmaganini tan olgan. Mehnat ishlari Livan qonunchiligida belgilab qo‘yilgan va sud qarorlarida aks etadi, ammo so‘nggi yillarda deyarli qo‘llanilmagan – qashshoqlashgan davlatda gavjum qamoqxonalarda odamlarni saqlash uchun mablag‘ ham, imkoniyat ham yetarli emasligi qayd etiladi.
O‘lim jazosining bekor qilinishi parlamentda 1990 yildagi 15 yillik fuqarolar urushi tugaganidan beri eng yirik bo‘lgan umumiy amnistiya to‘g‘risidagi bahsli qonun muhokamasiga to‘g‘ri keldi. Hujjat ayrim istisnolardan tashqari, hukm qilingan jangarilar va narkotik savdogarlarining jazo muddatini qisqartirish yoki ularni ozod qilish imkonini beradi. Qurolli guruhlarning harakatlaridan halok bo‘lgan yoki jabrlangan livanlik harbiylarning qarindoshlari bir necha bor amnistiyaga qarshi norozilik namoyishlariga chiqqan, ba’zilari jazoning yengillashtirilishiga emas, balki qotillarning qatl etilishiga umid qilganliklarini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Damashq sudi Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asadni sirtdan o‘lim jazosiga hukm qilgani xabar qilingan edi.
Live
BarchasiBloger Aziz Hakimov 4 yilga qamaldi
11 avgust
Putin hech narsadan qo‘rqmasligini aytdi
11 avgust