Kuba Prezidenti AQSHni “siyosiy genotsid”da aybladi
Olam
−
10:49 993 3 daqiqa
Kuba Prezidenti Migel Dias-Kanel AQSH ma’muriyatini mamlakatga qarshi neft embargosi va kuchaytirilgan sanksiyalar siyosati orqali “siyosiy genotsid” yuritayotganlikda aybladi. Bu haqda u Kuba inqilobining 73 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirdagi nutqida so‘z ochdi.
Dias-Kanel o‘z nutqida AQSH Davlat departamentining yaqinda e’lon qilingan hisobotini tanqid qilgan. Mazkur hisobotda Kuba AQSH hukumatiga suqilib kirish va Amerika hududidagi “chap qanot terrorizmining misli ko‘rilmagan to‘lqini”ni qo‘llab-quvvatlashda ayblangan.
Shuningdek, Kuba Prezidenti Tramp ma’muriyati mamlakat ichidagi chap qarashli guruhlarga qarshi bosimni kuchaytirganini ta’kidlagan.
“Kubani ayblash orqali ular nafaqat tashqi aybdorni topishga urinmoqda. Ular boylarni yanada boyitib, kambag‘allarni yanada qashshoqlashtirayotgan iqtisodiy tizimdan eng ko‘p jabr ko‘rayotgan qatlamlarning norozilik namoyishlari uchun ham aybdor qidirmoqda”, degan Dias-Kanel.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington “Kubaga qarshi siyosiy genotsidni davom ettirish uchun yangi bahona izlamoqda”.
Dias-Kanelning chiqishi Gavana va Vashington o‘rtasidagi munosabatlar yanada taranglashib borayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi. Uning ta’kidlashicha, Tramp ma’muriyati joriy etgan neft embargosi va kengaytirilgan sanksiyalar Kubada o‘nlab yillardagi eng og‘ir iqtisodiy inqirozni chuqurlashtirib, mamlakat bo‘ylab uzluksiz elektr uzilishlari va yoqilg‘i tanqisligiga sabab bo‘lgan.
Prezidentning tongdagi nutqi 1953 yil 26 iyulda Fidel Kastro boshchiligidagi isyonchilarning AQSH qo‘llab-quvvatlagan rahbar Fulxensio Batista armiyasiga qarshi ilk hujumining 73 yilligiga bag‘ishlangan davlat tadbirlarining bir qismi bo‘ldi. Bu qo‘zg‘olon besh yildan ortiq vaqt o‘tgach Batista hokimiyatining ag‘darilishiga olib kelgan edi.
Kubadagi eng muhim inqilobiy bayram munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda minglab hukumat tarafdorlari ishtirok etdi va turli badiiy chiqishlar namoyish etildi.
Mamlakatdagi misli ko‘rilmagan iqtisodiy inqiroz oqibatida, ayniqsa turizm va moliya sohasida faoliyat yurituvchi qator xalqaro kompaniyalar Kubani tark etdi. Elektr ta’minotidagi muntazam uzilishlar bilan bir qatorda, yoqilg‘i taqchilligi milliy elektr tarmog‘ining bir necha bor to‘liq ishdan chiqishiga olib keldi. Shuningdek, jamoat transporti faoliyati izdan chiqqan va yoqilg‘i yetishmasligi tufayli o‘quv yili muddatidan oldin yakunlangan.
Vashington esa Kubadagi iqtisodiy muammolar uchun mamlakat hukumatini iqtisodiy boshqaruvdagi kamchiliklar va eskirgan infratuzilmaga yetarlicha sarmoya kiritmaganlikda ayblab keladi.
Dias-Kanel nutqi yakunida sanksiyalar va neft embargosini bekor qilishga chaqirgan hamda Kubaga gumanitar yordam yuborgan xalqaro tashkilotlarga minnatdorlik bildirgan.
“Kubani tinch yashashiga imkon bering. Shuningdek, tarixan boshqa xalqlarning inson huquqlari uchun hech qanday mukofot kutmasdan, ko‘pincha ta’qib, qamoq va hayotini xavf ostiga qo‘ygan holda kurashgan Amerika xalqining eng oliyjanob vakillari ham tinch yashashiga imkon bering. Kuba na AQSH, na yer yuzidagi boshqa biror davlat uchun tahdid emas.”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kuba Prezidenti Migel Dias-Kanel Oq uy rahbari Donald Trampning mamlakat sha’niga aytgan bayonotlariga munosabat bildirgan va AQSH bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizo tayyorgarlik ko‘rayotganini aytgandi.
Live
Barchasi