Kongo o‘rmonlarida noyob maymun turi topildi
Olam
−
16 iyul 2308 2 daqiqa
Kongo Demokratik Respublikasi o‘rmonlarida o‘ziga xos tashqi ko‘rinishga ega bo‘lgan yangi maymun turi ilmiy jihatdan tasdiqlandi. Qora yuzi va pushti-to‘q sariq lablari bilan ajralib turuvchi ushbu primat fan uchun yangi tur sifatida qayd etildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Mahalliy aholi orasida “Likweli” nomi bilan tanilgan maymun Kongo Demokratik Respublikasining markaziy-sharqiy qismidagi Lomami milliy bog‘ining zich tropik o‘rmonlarida yashaydi.
Tabiatni muhofaza qilish mutaxassislari ushbu hayvonni ilk bor 2008 yilda ko‘rgan. Biroq o‘sha paytda faqatgina sifati past bitta surat olishga muvaffaq bo‘lingan. Oradan 10 yil o‘tib, maymun yana kuzatilgach, xalqaro tadqiqotchilar guruhi uni o‘rganishga kirishgan. Tadqiqotlar natijasida ushbu primat ilgari noma’lum bo‘lgan alohida tur ekani aniqlangan. Bu so‘nggi 75 yil ichida Afrikada aniqlangan beshinchi yangi maymun turi hisoblanadi.
Florida Atlantika universiteti tadqiqotchisi Junior Amboko boshchiligidagi olimlar guruhi maymunning ovoz yozuvlari, suratlari hamda genetik tahlillari asosida xulosaga kelgan.
Olimlarning qayd etishicha, “Likweli” maymunlari juda kam uchraydi va odamlardan uzoqda yashashga moyil. Tadqiqotchilar hayvon yashaydigan hudud yaqinidagi 52 ta qishloq aholisi bilan suhbatlashgan, biroq ulardan faqat sakkiztasida bu maymunni ko‘rganlar bo‘lgan.
Yangi tur Colobus congoensis ilmiy nomi bilan qayd etilgan. U kolobus maymunlari guruhiga kiradi. Mutaxassislarning aytishicha, ushbu hayvonlar tropik o‘rmon ekotizimida muhim o‘rin tutadi. Ular o‘simliklar bilan oziqlanib, urug‘larning tarqalishiga yordam beradi.
Olimlar maymunning yorqin rangdagi lablari boshqa hayvonlar bilan aloqa qilish, juftini jalb etish yoki o‘z turdoshlarini ajratishda muhim rol o‘ynashi mumkinligini taxmin qilmoqda. Tadqiqotchilar “Likweli”ning o‘ziga xos baland ovoz borligini ham qayd etgan. Ularni ko‘pincha eshitish mumkin, biroq zich daraxtzorlar sabab ko‘rish qiyin.
Ayni paytda olimlar ushbu maymun turi soni va yashash hududini chuqurroq o‘rganishni rejalashtirmoqda. Mutaxassislar hayvon go‘sht uchun ovlanishini hisobga olib, yangi tur sifatida rasman tan olinishi uning himoyasini kuchaytirishga yordam berishidan umid qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq avstraliyalik tadqiqotchilar o‘ziga xos kichik shoxlari bo‘lgan yangi mahalliy asalari turini kashf etgan edi va unga mos ravishda Megachile Lucifer nomi berilgandi.
Live
Barchasi