Kim bosh vazir o‘rinbosarini echki bilan taqqoslab ishdan haydadi
Olam
−
21 yanvar 10556 1 daqiqa
KXDR rahbari Kim Chen In mamlakat bosh vazir o‘rinbosarini mashinasozlik sohasidagi muammolar sabab ishdan bo‘shatdi. Shimoliy Koreya yetakchisi mansabdorni echkiga qiyoslagan. Bu haqda CNN xabar berdi.
Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In mashinasozlik sohasi uchun javobgar bo‘lgan bosh vazir o‘rinbosari Yan Son Xoni mamlakat shimoliy-sharqida joylashgan Renson mashinasozlik majmuasini modernizatsiya qilish ishlari jarayonida “keraksiz, sun’iy tarzda yaratilgan betartiblik”ka sababchi bo‘lganlikda ayblagan.
Kim Chen Inning aytishicha, loyiha “mas’uliyatsiz va nokas” amaldorlar tufayli sezilarli iqtisodiy yo‘qotishlarga uchragan. U, shuningdek, 2025 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan partiya yig‘ilishida ham bu masalalar yuzasidan Yan Son Xoni tanqid qilganini, keyin esa uni diqqat bilan kuzatib borganini, ammo u mutlaqo javobgarlik hissini sezmayotganini aniqlaganini aytgan.
“Agar obrazli qilib aytsak, u ho‘kizlar aravsiga qo‘shib qo‘yilgan echkiga o‘xshardi. Biz bunga kadrlarni tayinlash amaliyotimizdagi tasodifiy xato sifatida qarashimiz kerak”, deydi KXDR rahbari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kim Chen In Rossiyada xizmat vazifalarini bajarib qaytgan armiya muhandislik bo‘linmasi uchun o‘tkazilgan kutib olish marosimida ishtirok etgandi.
Live
Barchasi