XVJ O‘zbekistonga pensiya yoshini oshirishni tavsiya qildi
Jamiyat
−
25 iyun 17690 2 daqiqa
Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekistonda amaldagi pensiya tizimi o‘rta muddatli istiqbolda barqarorligini ta’minlashi va yetarli pensiyani taqdim etishi uchun isloh qilinishi zarur deb hisoblaydi. Bu haqda kecha, 24 iyun kuni XVJ tomonidan e’lon qilingan press-relizda so‘z boradi.
- XVJ quyidagilarni tavsiya qilmoqda:
- pensiyaga chiqish yoshini bosqichma-bosqich oshirish;
- standart badal stavkasini bosqichma-bosqich ko‘tarish:
- ayrim tashkilot turlari uchun mo‘ljallangan imtiyozli badal stavkalarini bosqichma-bosqich bekor qilish;
- pensiya miqdorini butun mehnat faoliyati davomidagi o‘rtacha daromadga asoslash;
- pensiyalarni avtomatik tarzda narxlar asosida indeksatsiya qilishni joriy etish.
Shuningdek, keksalikdagi qashshoqlikni kamaytirishga qaratilgan har qanday ijtimoiy pensiya ehtiyoj asosida belgilanmog‘i, byudjet hisobidan moliyalashtirilmog‘i va boshqa ijtimoiy yordam dasturlari bilan birgalikda boshqarilmog‘i lozim. Bu esa takrorlanishlarning oldini olishga xizmat qiladi.
XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati 2025 yilda pensiya islohoti loyihasini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Pensiya islohoti konsepsiyasini sentyabr oyigacha Prezidentga taqdim etish ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun, hozirda mamlakatda pensiya yoshi erkaklar uchun 60 yoshni (kamida 25 yillik ish staji bilan), ayollar uchun — 55 yoshni (kamida 20 yillik ish staji bilan) tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yoshga doir va nogironlik pensiyalari alohida murojaat talab etmasdan proaktiv shaklda tayinlanishi xabar qilingan edi. Shuningdek, joriy yil 1 oktyabrdan davlat pensiya ta’minotiga oid hamda AT “Xalq banki” tomonidan pensiyalarni naqd pul shaklida to‘lash bilan bog‘liq xizmatlar fuqarolarni biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) hamda ularning imzosini elektron shaklda olish orqali amalga oshiriladi.
Live
Barchasi