XVJ Ukrainaga 500 mln dollar kredit ajratdi

Olam

image

Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) Ukrainaga kengaytirilgan kreditlash mexanizmi (EFF) doirasida 500 million dollar miqdoridagi navbatdagi kredit to‘lovini tasdiqladi. Bu haqda jamg‘arma matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur to‘lov Ukrainaga byudjetni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ajratiladi. Shu bilan 2023 yil 31 martda tasdiqlangan EFF dasturi doirasida XVJ tomonidan ajratilgan jami mablag‘ miqdori 10,6 milliard dollarga yetgan.

Qolaversa, 30 iyun kuni Ukraina Moliya vazirligi mamlakat davlat qarziga oid 665 million dollarlik to‘lovni amalga oshirmasligini ma’lum qildi. 

2024 yilda to‘lanishi kerak bo‘lgan ushbu qarzga 2023 yilgi iqtisodiy o‘sish sabab bo‘lgan. Biroq Ukraina rasmiylari hali ham mo‘ljallangan obligatsiyalar bo‘yicha moratoriyni kuchda saqlamoqda va bu moratoriy qarzlar to‘liq restrukturizatsiya qilinmaguncha davom etishini bildirgan.

Moliya vazirligiga ko‘ra, ushbu to‘lovni amalga oshirmaslik davlatning moliyaviy barqarorligiga xavf tug‘dirmaydi, chunki 2023 yilda kredit beruvchilar bilan tuzilgan kelishuvda bu qarzni o‘z vaqtida to‘lamaslik “kross-defolt” (boshqa qarzlar bo‘yicha avtomatik buzilish) holatiga olib kelmasligi kafolatlangan.

Iyun oyida Ukraina Yevropa Ittifoqidan 1 milliard yevro miqdorida navbatdagi yordam to‘lovini qabul qilib oldi. Bu mablag‘ Rossiya aktivlaridan olinayotgan daromadlar qayta investitsiya qilinishi orqali hosil bo‘lgan. Ukraina Bosh vaziri Denis Shmigal bu Yevropa Ittifoqidan olingan beshinchi shunga o‘xshash to‘lov ekanini ma’lum qilib, uni davlat byudjetining muhim xarajatlariga yo‘naltirilishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer Ukrainaga 70 million funt sterling qiymatidagi havo hujumidan mudofaa raketalarini topshirishni e’lon qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Xalqaro valyuta jamg'armasi EFF

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing