Britaniya Rossiya puli hisobiga Kiyevga raketa beradi
Olam
−
25 iyun 3660 2 daqiqa
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer Ukrainaga 70 million funt sterling qiymatidagi havo hujumidan mudofaa raketalarini topshirishni e’lon qildi, bu esa muzlatilgan Rossiya aktivlaridan olingan daromaddan foydalanganlik uchun to‘lanadi. Starmerning tegishli bayonoti bugun, 25 iyunga o‘tar kechasi e’lon qilindi.
“Yangi harbiy yordam paketi doirasida Kiyev Britaniya kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun 350 ta zamonaviy raketa oladi”, deb yozadi “The Guardian” gazetasi.
Nashrning yozishicha, London to‘rtinchi yildirki Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan o‘zini himoya qilib kelayotgan Ukraina uchun qurol sotib olish maqsadida Rossiya aktivlaridan birinchi marta foydalanmoqda.
“Ukraina Qurolli Kuchlari uchun mo‘ljallangan, dastlab havo-havo raketalari sifatida ishlab chiqilgan ASRAAM raketalari qirollik harbiy-havo kuchlari va MBDA ishlab chiqaruvchisi muhandislari tomonidan rekord muddatda – uch oyda yerdan uchirish uchun moslashtirilgan. Ular Buyuk Britaniya tomonidan taqdim etilgan Raven tizimlari yordamida joylashtiriladi. Ayni paytda beshta shunday tizim Ukrainaga yo‘l oldi va shu tariqa ularning Ukraina Qurolli Kuchlarida xizmat qilayotgan umumiy sonini 13 taga yetkazdi”, deb yozadi nashr.
Starmer Ukrainaga yordam berish uchun Rossiya mablag‘laridan foydalanishni qonuniy deb hisobladi. Bugun, 25 iyun kuni Gaagadagi NATO sammiti boshlanishidan oldin gapirgan Starmer Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tomonidan boshlangan vahshiyona va noqonuniy urushning narxini Ukraina emas, Rossiya to‘lashi kerakligini ta’kidladi.
“Shuning uchun biz musodara qilingan Rossiya aktivlaridan Ukrainaning havo mudofaa tizimini mustahkamlash uchun foydalanishni to‘g‘ri deb hisoblaymiz. Ukraina xavfsizligi bizning xavfsizligimiz uchun juda muhim”, deya tushuntirdi u.
O‘z navbatida, Buyuk Britaniya Mudofaa vaziri Jon Xili Rossiyani raketa hujumlarini davom ettirishda va tinch yo‘l bilan tartibga solish istagi yo‘qligida aybladi.
“London tomonidan yetkazib beriladigan raketalar hayotni saqlab qoladi va Britaniya mudofaa sanoati zamonaviy urush ehtiyojlariga moslasha olishini isbotlaydi”, deya qo‘shimcha qildi u.
ASRAAM raketalarini yetkazib berish Britaniya tarixidagi 4,5 milliard funt sterling qiymatidagi eng yirik harbiy yordam paketining bir qismidir. Shuningdek, mart oyida London Ukraina uchun 5000 ta havo hujumidan mudofaa raketalarini sotib olish uchun 1,6 milliard funt sterling ajratilishini e’lon qilgan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr