Xorazmda fuqarodan “nafas olish” uchun pul talab qilganlar ushlandi
Jamiyat
−
14 iyun 2023
17503Xorazm viloyatida havo uchun fuqarolardan pul talab qilganlar qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
Bildirilishicha, shu yilning 9 iyun kuni Xorazm viloyatida 38 yoshli fuqaro I.U. 36 yoshli M.B. va 30 yoshli M.E.lar unga doimiy tahdid qilib kelayotganini aytib, tuman Ichki ishlar boshqarmasiga murojaat qilgan.
Murojaatchiga ko‘ra, yuqoridagi shaxslar undan ko‘chada tinch yurishi uchun pul talab qilgan. Agar u pullarni vaqtida bermasa, unga tegishli bo‘lgan mol-mulkka shikast yetkazishini aytib, tahdid qilgan va 2022 yilning 6 dekabr kunidan 2023 yil fevral oyigacha undan 58 mln so‘m pullarini majburan undirib kelgan.
Shunga qaramasdan, joriy yilning 6-8 iyun kunlari ular I.U.ga qo‘ng‘iroq qilib, 10 ming AQSH dollari topib, olib kelishini, aks xolda uni tinch qo‘ymasligini, ushbu pullarni olib kelmagan taqdirda, unga tegishli bo‘lgan transport vositalarini tortib olib qo‘yishini aytib qo‘rqitgan.
Holat bo‘yicha viloyat IIB Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv bo‘limi uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘linmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir olib borilgan. Tadbirda yuqorida ko‘rsatilgan shaxslar fuqaro bilan oldindan kelishilgan Gurlan tumani Mustaqillik ko‘chasida joylashgan kafelardan birida uchrashib, undan talab qilgan 10 ming AQSH dollari pullarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Gurlan tumani Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov guruhi tomonidan M.B. va M.E.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “b”, “v” bandlari (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ushbu shaxslarga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.