“Farhod” avtoqismlar bozorida mijozlarni “shilganlar”ga hukm o‘qildi
3-sahifa
−
29 iyun 6981 2 daqiqa
Avvalroq, Uchtepa tumanining Farhod ko‘chasida joylashgan “Avtomobil ehtiyot qismlari” bozorida 12 nafar shaxsdan tashkil topgan jinoiy guruh faoliyati to‘xtatilgani haqida xabar berilgan edi. Bugun, 29 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida 14 nafar sudlanuvchiga doir jinoyat ishi yuzasidan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari xabar berdi.
Qayd etilishicha, bozor hududida tovlamachilik bilan shug‘ullanganlikda ayblangan sudlanuvchilarga jinoiy xatti-harakatlaridan kelib chiqib 3 yildan 6,5 yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum etish jazolari tayinlangan.
Ayrim sudlanuvchilar (muqaddam sudlangani bois) tayinlangan jazoni qattiq tartibli, ayrimlari umumiy tartibdagi jazo koloniyalarida o‘tashi belgilangan. Sud jarayoni yakunida raislik etuvchi sudya tomonidan hukm mazmuni, unga nisbatan shikoyat berish tartibi va muddatlari tushuntirilgan.
Eslatib o‘tamiz, ushbu jinoiy guruh a’zolari mijozning avtotransport vositasiga uning ruxsatisiz va oldindan kelishmagan holda turli jihozlar o‘rnatib, texnik xizmat ko‘rsatgan. Shundan so‘ng, mazkur xizmat bozor narxida 600 dollar bo‘lishiga qaramasdan, fuqarodan 13 ming 300 dollarni tovlamachilik yo‘li bilan undirgan. Ular o‘z haqqini talab qilgan mijozga qo‘rqitish yo‘li bilan tahdid qilgan.
Yana shunga o‘xshash holatda esa jinoiy guruh a’zolari boshqa bir fuqaroning avtomashinasiga uning roziligisiz turli ehtiyot qismlarni o‘rnatib, undan 3 barobar qimmat narxda pul talab qilgan. Aniqlanishicha, ular avtomashina kalitini fuqarodan olib qo‘yib, tazyiq o‘tkazish orqali undan 15 million so‘m undirgan.
Live
Barchasi