Xonobod sudi raisi 30 ming dollar pora olgani ma’lum bo‘ldi

3-sahifa

image

Avvalroq, Andijon viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod shahar sudi raisi Yu.E. korrupsiyada gumonlanayotgani xabar qilingan edi. Oliy sud matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, Oliy sud Plenumining majlisida Bosh prokurorning jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod shahar sudining raisi Yu.E.ni Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi (Pora berish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoiy javobgarlikka tortish va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi taqdimnomasi ko‘rib chiqilib, rozilik berilgan.  

Taqdimnomaga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod shahar sudining raisi Yu.E. muqaddam boshqa sud tomonidan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazo muddatini kamaytirishni va’da qilib, sudlangan shaxsning onasidan 30 ming AQSH dollari miqdordagi pullarni olgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda ushlangan. 

“Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Oliy sud tomonidan sud organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish, tizimni nopok kadrlardan tozalash borasida barcha zarur sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, bunda eng avvalo, sudya va xodimlar o‘rtasida nojo‘ya va nomunosib xatti-harakatlarning oldini olish, shu bilan birga korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan sudya va xodimlarni aniqlash hamda ularga nisbatan qat’iy choralar ko‘rishga e’tibor qaratilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Sudyalar oliy maktabining arxiv mudiri lavozimida ishlab kelgan shaxs muqaddam sudlangan shaxsga nisbatan qo‘llangan jazoning muayyan huquqdan mahrum qilish qismini tanishlari orqali bekor qildirib berish evaziga 5000 dollar olgan vaqtda qo‘lga tushgandi.  


Maqola muallifi

Teglar

pora Andijon Xonobod sudi raisi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing