“Dunyo sadolari”da prezident nomidan o‘qituvchilarga uy sovg‘a qilindi

Madaniyat-san’at

Azim tog‘lar bag‘rida joylashgan, har nafasi shifobaxsh, yuraklarga iliqlik baxsh etuvchi go‘zal Xonobod shahrida 3-an’anaviy “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada festivali boshlandi.

Bu shahar nafaqat betakror Andijonning, balki butun Farg‘ona vodiysining turistik markaziga aylanishi yo‘lida muhim qadam sifatida baholanmoqda. Har yili o‘tkazilayotgan mazkur festival bu gal ham san’at, madaniyat va do‘stlikning chinakam bayramiga aylandi.

Festival xayrli ish bilan boshlandi. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, “Ustozlar forumi” doirasida yangi o‘quv yilini boshlayotgan bolajonlar uchun mo‘ljallangan o‘quv qurollari, kompyuter va noutbuklar yuklangan ta’lim karvoni yo‘lga chiqarildi.

Shuningdek, Andijon viloyatining chekka hududlaridagi maktablarda faoliyat yuritib, o‘quvchilari yuqori natijalarga erishgan ikki nafar o‘qituvchiga Andijon shahar markazidan ikki xonali uy kalitlari topshirildi. 

Festival ochilishida so‘zga chiqqan Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov “Dunyo sadolari” festivali – bugungi notinch dunyoda tinch va osoyishta hayot kechirayotgan Andijon xalqi uchun katta bayram va faxrli hodisa ekanini ta’kidladi.

Festivalning birinchi kuni soat 19:00 da 80-yillarning mashhur jamoasi – “Arabesque” guruhining chiqishi bilan boshlandi. Sahnaga italyan estrada yulduzi In-Grid taklif etilgach, tomoshabinlarning kayfiyati yanada oshdi. San’atkor sahnadan tushib, muxlislari bilan bevosita muloqot qildi.

Keyin esa sahnaga hind retro musiqasining afsonasi – Alisha Chinay chiqdi. U “Made in India” va “Jimmy Jimmy” kabi taronalarni muxlislar bilan birga bir necha bor kuyladi.

Tadbirning eng cho‘qqi nuqtasi esa o‘zbek estradasining sevimli xonandasi Munisa Rizayevaning chiqishi bo‘ldi. U festival mehmonlarining iltimosiga binoan 10 ga yaqin qo‘shiqni tomoshabinlar bilan birga kuyladi. Ayniqsa, “Yomg‘ir” taronasi ijro etilgach, ajoyib voqea sodir bo‘ldi – Xonobodda yomg‘ir yog‘a boshladi.

To‘rt soatdan ortiq davom etgan bayram dasturi tungi osmonni yoritgan mushakbozlik bilan yakunlandi.

E’tibor bering: bu endi oddiy festival emas. Bu san’at, do‘stlik va madaniyat bayrami. Bu Xonobodning “shu yerga bir borib ko‘rish kerak ekan!” degan nuqtaga aylanishi.

Va bu nafaqat andijonliklarning, balki butun respublika ahli, hatto chet davlatlardan kelgan mehmonlarning ham festivalidir.

Yana ikki kun davom etadigan “Dunyo sadolari” festivali sizni unutilmas lahzalar bilan kutmoqda! Tadbirni QALAMPIR.UZ bilan kuzatishda davom eting.


Maqola muallifi

Teglar

Andijon Dunyo sadolari Xonabod

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing