XOQ prezidenti lavozimiga ilk bor ayol kishi saylandi
Sport
−
21 mart 2025 3637 2 daqiqa
Zimbabvelik ikki karra olimpiya chempioni Kirsti Koventri Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasining (XOQ) o‘ninchi prezidenti etib saylandi. U ushbu lavozimni egallagan ilk ayol va Afrika qit’asidan bo‘lgan birinchi vakil bo‘ldi.
Saylovlar Gretsiyaning Kosta-Navarino kurortida bo‘lib o‘tgan XOQning 144-sessiyasida o‘tkazilgan. XOQ prezidenti sakkiz yilga saylanadi. Koventri ushbu lavozimda 2013 yildan buyon XOQni boshqarib kelgan nemis Tomas Bax o‘rnini egallaydi va 24 iyun kuni ish boshlaydi.
“Siz meni tanlab to‘g‘ri qaror qabul qilganingizga ishonch hosil qilishingiz uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman. Siz men bilan faxrlanasiz”, dedi Koventri va o‘z nomzodini ilgari surgan raqiblariga minnatdorchilik bildirdi.
Ma’lumot uchun, 41 yoshli Koventri Afina va Pekin Olimpiadalarida 200 metr masofaga chalqancha suzish bo‘yicha g‘olib chiqqan. Uning hisobida to‘rtta kumush va bitta bronza Olimpiya medali, shuningdek, jahon chempionatlarida uchta g‘alaba bor.
2013-2021 yillarda u XOQ sportchilar komissiyasining a’zosi, 2023 yildan esa ijroiya qo‘mitasi a’zosi bo‘lgan. 2018 yildan buyon Zimbabve Sport vaziri lavozimini egallab kelmoqda. 2017-2024 yillarda u Xalqaro syorfing federatsiyasi vitse-prezidenti, 2014-2021 yillarda esa Butunjahon antidoping agentligi (WADA) sportchilar komissiyasi a’zosi bo‘lgan.
Koventridan tashqari XOQ vitse-prezidenti, ispaniyalik Xuan Antonio Samaranch, Iordaniya shahzodasi Faysal ibn Husayn, xalqaro sport federatsiyalari rahbarlaridan britaniyalik Sebastyan Kou (Yengil atletika federatsiyasi – World Athletics), yaponiyalik Morinari Vatanabe (Gimnastika federatsiyasi – FIG), fransiyalik David Lapartyan (Velosport federatsiyasi – UCI), shvetsiyalik Yoxan Eliash (Chang‘i sporti va snoubord federatsiyasi – FIS) nomzodlari ilgari surilgandi.

Reglamentga ko‘ra, nomzod g‘alaba qozonish uchun ovoz beruvchilarning 50 foizidan ortig‘ining qo‘llab-quvvatloviga ega bo‘lishi kerak. Agar birinchi bosqichda bunday natija qayd etilmasa, eng kam ovoz olgan nomzod chetlatilib, yangi bosqich o‘tkaziladi. Nomzodlar va ovoz beruvchilar saylov jarayonining aniq natijalari haqida bilmaydi – ular faqat yakuniy bosqichda e’lon qilinadi. Agar yakuniy bosqichda ikki nomzod teng ovoz olsa, qo‘shimcha bosqich o‘tkaziladi. Agar ikki tur natijasida ham tenglik saqlansa, amaldagi XOQ prezidenti hal qiluvchi ovozga ega bo‘ladi.
Biror nomzod mutlaq ko‘pchilik ovozini olgan zahoti saylov yakunlangan deb e’lon qilinadi va yangi XOQ prezidenti nomi e’lon qilinadi. Shundan keyin saylov natijalari ommaga oshkor qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining (XOQ) 144-sessiyasida boks sport turi 2028 yil Amerikaning Los-Anejeles shahrida bo‘ladigan Olimpiada o‘yinlari dasturiga kiritilgani xabar qilingandi.