Infantinoning “Tinchlik kengashi”ga yaqinligi XOQ tanqidiga sabab bo‘ldi
Sport
−
21 fevral 920 2 daqiqa
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) FIFA prezidenti Janni Infantinoning “Tinchlik kengashi” yig‘ilishida ishtirok etganini ko‘rib chiqadi. Bu haqda kecha, 20 fevral kuni XOQ prezidenti Kirsti Koventri Olimpiya o‘yinlari yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Joriy yilning 19 fevral kuni Vashingtonda G‘azo sektoridagi mojaroni hal etishga qaratilgan “Tinchlik kengashi”ning ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Infantino tadbirda “USA” yozuvi va 45-47 raqamlari tushirilgan qizil kepkada ishtirok etdi.
Koventri esa Infantinoning ushbu tadbirda qatnashganidan bexabar bo‘lganini aytdi.
“Bizning pozitsiyamiz – siyosiy jihatdan betaraf bo‘lib qolish. Tashkilot sifatida musobaqalar yaxlitligini ta’minlashning yagona yo‘li ham shu, deb hisoblayman”, deydi Koventri.
XOQ prezidenti, shuningdek, “Olimpiya Xartiyasi XOQ a’zolaridan nimani kutishini juda aniq belgilab berganini” ta’kidlagan.
Infantino yig‘ilishda FIFA va “Tinchlik kengashi” o‘rtasidagi hamkorlik shartnomasini taqdim etdi. Unga ko‘ra, G‘azoda 50 ta mini-maydon, beshta to‘liq o‘lchamli stadion, futbol akademiyasi hamda 20 ming o‘rinli yangi stadion qurish rejalashtirilgan.
“Reuters”ga ko‘ra, Olimpiya Xartiyasiga binoan XOQ a’zolari tijorat va siyosiy manfaatlardan mustaqil harakat qilishi shart. Shuningdek, ular hukumatlar yoki boshqa tashkilotlardan o‘z harakat erkinligi va ovoz berishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ko‘rsatmalarni qabul qilmasliklari lozim. Ma’lumot uchun, Infantino 2020 yilda XOQ a’zosiga aylangan.