Xitoyga supertayfun yaqinlashmoqda. Sayyohlar ogohlantirildi
Olam
−
22 Sentabr 5867 2 daqiqa
Xitoyda sayyohlarga Ragasa supertayfuni yaqinlashayotgani munosabati bilan ehtiyot choralariga rioya qilish, safar rejalashtirayotganlarga esa xavfli hududlardan qochish tavsiya etildi. Bu haqda Xitoy Markaziy gidrometeorologiya xizmatiga tayanib, “South China Morning Post” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyning janubiy provinsiyalari qirg‘oqlariga Ragasa supertayfuni tez sur’atlarda yaqinlashmoqda. U mavsumdagi eng kuchlilardan biri sifatida qayd etilgan. Prognozlarga ko‘ra, joriy yilning 24-25 sentyabr kunlari u Xaynan oroliga (Guandun provinsiyasi), Guansi-Chjuan avtonom rayoni hamda maxsus ma’muriy hududlar: Gonkong va Makaoga zarba beradi. Shuningdek, uning ta’siri Yunnan provinsiyasida ham seziladi.
Sinoptiklar vayronkor to‘fon, jala va keng ko‘lamli suv toshqinlari bo‘lishini kutmoqda. Hodisa kutilayotgan markazda shamol tezligi sekundiga 60 metrdan ortiq bo‘lishi aytildi. Tog‘li hududlarda ko‘chki va sel oqimlari xavfi yuqori. Xitoy hukumati qutqaruv xizmatlarini kuchaytirilgan rejimga o‘tkazmoqda va qirg‘oqbo‘yi hududlardan 400 ming aholining ommaviy evakuatsiyasiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Yaqin kunlarda Xitoyga sayohatni rejalashtirayotgan turistlarga yo‘nalishlarni qayta ko‘rib chiqish va imkon qadar xavfli hududlarga bormaslik tavsiya qilinmoqda. Bu hududlarda bo‘lganlarga esa ehtiyot choralariga qat’iy tarzda amal qilish: to‘fon paytida ko‘chaga chiqmaslik va harakatlanishni cheklash, oldindan suv, oziq-ovqat va quvvatlovchi qurilmalarni tayyorlab qo‘yish, mahalliy hokimiyatning rasmiy xabarlarini diqqat bilan kuzatib borish, zarurat tug‘ilganda vaqtinchalik boshpana joylarining manzilini oldindan aniqlab qo‘yish tavsiya qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vetnamda kuzatilgan to‘fon sabab kuchli yomg‘ir yetti kishining hayotiga zomin bo‘lgan, 12 mingdan ortiq uy vayron bo‘lgan yoki zarar ko‘rgan, poytaxt Xanoyning katta qismini suv bosgandi.