Xitoy fuqarolik flotini Tayvanga qarshi operatsiyaga tayyorlamoqda – OAV

Olam

image

Xitoy Tayvanga qarshi ehtimoliy harbiy operatsiyani qo‘llab-quvvatlashga qodir yirik fuqarolik flotini safarbar qilmoqda. Bu haqda “Reuters” surishtiruv e’lon qildi.

Nashr kemalar harakati bo‘yicha traking ma’lumotlari va sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini o‘rganib, tayyorgarlik ko‘lami Ikkinchi jahon urushidagi Normandiya operatsiyasidan ham oshishi mumkin, degan xulosaga kelgan.

Jurnalistlar yozgi harbiy mashg‘ulotlarda ishtirok etgan yuzdan ortiq fuqarolik kemalarining harakatini tahlil qilgan. Joriy yilning 17 avgust kuni sodir bo‘lgan bir epizodda 12 ta kema – paromlar va yuk kemalari Guandun provinsiyasi qirg‘oqlariga yo‘l olib, texnikani to‘g‘ridan to‘g‘ri qirg‘oqqa tushira boshlagan. Xalq-ozodlik armiyasining mashg‘ulotlari chog‘ida yuk kemalaridan og‘ir harbiy texnikani shunday usulda tushirish ilk bor hujjatlashtirilgan.

Dengiz operatsiyalari bo‘yicha ekspertlar bahosiga ko‘ra, Xitoyning harakatlari bosqin ssenariylarining aniq ishlanayotganini ko‘rsatadi. Texnikani tushirish uchun fuqaro yuk kemalaridan foydalanish Xitoyning qirg‘oqda tezkor tarzda kuch joylashtirish imkoniyatlarini sezilarli kengaytiradi. Shuningdek, “Reuters” yig‘ma ponton vaqti-vaqti bilan yig‘iladigan va avtomatik harakatlanadigan qo‘nish tizimi qo‘llanganini ham qayd etgan. Bu tizim vaqtinchalik kema qabul qilish chizig‘ini bir necha soatda yig‘ishga imkon beradi va ochiq dengizda qo‘shin va texnikani tushirish jarayonini tezlashtiradi.

Xitoy qonunchiligi davlatga fuqaro kemalarini harbiy ehtiyojlar uchun nazoratga olish huquqini beradi. AQSH va Tayvan ekspertlarining fikricha, Xitoy armiyasi taxminan 20 ming askardan iborat birinchi to‘lqinni tashish imkoniyatiga ega. Biroq to‘liq miqyosdagi operatsiya uchun bundan ancha katta kontingent kerak bo‘ladi, shu sababli fuqaro flotining ishtirokiga katta e’tibor qaratilmoqda.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Tayvan masalasi mamlakatning ichki ishi ekanini va Pekin mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga intilayotganini bildirgan. Tayvan esa fuqaro kemalarining harakati doimiy ravishda kuzatilayotganini, favqulodda holatlar uchun maxsus rejalar ishlab chiqilganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonida joylashgan va 1964 yilda Xitoyning birinchi atom bombasi sinab ko‘rilgan asosiy yadroviy sinov poligonini tez sur’atlar bilan kengaytirayotgani va modernizatsiya qilayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy Tayvan' fuqarolik floti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing