Xitoy yadroviy sinov maydonchasini tayyorlashni boshladi – OAV

Olam

image

Xitoy Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonida joylashgan va 1964 yilda Xitoyning birinchi atom bombasi sinab ko‘rilgan asosiy yadroviy sinov poligonini tez sur’atlar bilan kengaytirmoqda va modernizatsiya qilmoqda. Bu haqda yangi sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va xalqaro ekspertlar tahliliga tayanib, “The Washington Post” xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Lobnor tumanidagi poligonda yangi tunnellar, yo‘llar qurilgan, chuqur quduqlar qazilgan, energetik va yordamchi inshootlar barpo etilgan. U yerda yangi yerosti yadroviy sinovlariga tayyorgarlik ketayotganini ko‘rish mumkin.

Ekspertlarning aytishicha, faol qurilish ishlari 2021 yildayoq boshlangan, 2024-2025 yillarda esa modernizatsiya uzluksiz davom etmoqda.

“Oxirgi besh yilda infratuzilma sezilarli ravishda kengaydi, sinovlar o‘tkazish imkoniyatlari esa ancha oshdi”, deydi AllSource Analysis eksperti Renni Bebyars.

Tahlilchilarning fikricha, Xitoy yadroviy sinovlar bo‘yicha tajriba bo‘yicha AQSH va Rossiyadan ancha ortda qolmoqda.

“Xitoy yadroviy davlatlar orasida eng kam sinov o‘tkazgan mamlakat hisoblanadi va qurol xususiyatlarini yaxshilash uchun yangi seriya sinovlar kerak bo‘lishi mumkin”, deydi Karnegi fondi eksperti Tun Chjao.

Sinovlar, shuningdek, Tayvan atrofida yuzaga kelish ehtimoli bo‘lgan mojaro sharoitida AQSHni o‘zini tutib turish strategiyasining bir qismi sifatida ham ko‘riladi.

Shu bilan birga, Xitoy faolligining kuchayishi AQSH va Rossiya o‘rtasidagi keskinlik fonida yuz bermoqda.

Bungacha Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Poseydon” va “Burevestnik” kabi yangi yadroviy tizimlarni namoyish qilgandi. AQSH Prezidenti Donald Tramp esa Pentagonga sinovlarni qayta boshlashga tayyorgarlik ko‘rishni buyurdi. AQSH maxfiy yadroviy raketa – AGM-181 ni namoyish qildi.

Stokgolm tinchlik tadqiqotlari institutining prognozlariga ko‘ra, 2030 yilga borib Xitoy o‘z arsenalini 1000 taga yetkazishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2024 yilning avgust oyida AQSHning Nevada shtatidagi Tonopa poligonida F-35 qiruvchi samolyoti yordamida B61-12 yadroviy tortishish bombasining muvaffaqiyatli sinovi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy Shinjon-Uyg'ur atom bombasi yadroviy sinov maydonchasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing