Xitoy AQSHdan suyultirilgan gaz importini to‘liq to‘xtatdi – FT
Olam
−
18 aprel 5125 2 daqiqa
Xitoy savdo urushi kuchaygani sababli AQSHdan suyultirilgan gaz importini to‘liq to‘xtatdi. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Amerikaning oxirgi suyultirilgan gaz partiyasi joriy yilning 6 fevral kuni Xitoyning Futszyan provinsiyasiga yetib borgan. Shundan keyin yangi partiya qayd etilmagan. Hatto bir gaz tankeri tariflar kuchga kirishidan oldin yo‘lga chiqqan va Xitoyga yetib borishga ulgurmay, Bangladeshga yo‘naltirilgan.
“Tariflar amalda embargoga aylangan sari, biz suyultirilgan gaz global oqimlarining qayta taqsimlanayotganiga guvohmiz”, deya izoh bergan holatga Energy Aspects konsalting kompaniyasi eksperti Richard Bronz.
Bronzning fikricha, Osiyodagi umumiy suyultirilgan gaz talabi 5-10 million tonnaga kamayishi mumkin, bu esa Yevropadagi gaz narxlarining biroz pasayishiga olib keladi.
Xitoy kompaniyalarida AQSH terminallaridan suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘yicha 2049 yilgacha mo‘ljallangan 13 ta uzoq muddatli shartnoma mavjud bo‘lsa-da, mutaxassislar ularga amal qilinish ehtimoli juda past deb hisoblamoqda.
Kolumbiya universiteti qoshidagi Global energetika siyosati markazi mutaxassisi Anna-Sofi Korbo bunga izoh bergan.
“Xitoylik importyorlar amerikaliklar bilan suyultirilgan gaz bo‘yicha yangi shartnomalar tuzish ehtimoli juda kam”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp 2 aprel kuni 185 mamlakat va hududdan import qilinadigan mahsulotlarga boj tariflari joriy etilganini e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra, universal tariflar 10 foiz miqdorida 5 aprel kuni kuchga kirgan. Alohida tariflar esa 9 apreldan boshlab amal qilmoqda. Shu bilan birga, Tramp bir qancha mamlakatlarga nisbatan qo‘llangan o‘zaro javob tariqasidagi tariflarni 90 kunlik muddatga to‘xtatib qo‘yganini ham e’lon qildi. Xitoy mahsulotlariga nisbatan esa tariflar 125 foizgacha ko‘tarildi, bundan tashqari, ilgariroq joriy etilgan 20 foizlik boj (KXDR, Kanada va Meksika hukumati fentanil kontrabandasi bilan yetarlicha kurashmayotgani sababli) ham amalda qolmoqda.
Oqibatda hozirda Xitoydan AQSHga olib kiriladigan tovarlarga umumiy tarif stavkasi 145 foizga yetgan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr