Keniyada 18 qavatli bino qulab tushdi (video)
Olam
−
17:22 1168 2 daqiqa
Keniyaning poytaxti Nayrobida qurilayotgan 16–18 qavatli bino qulab tushdi. Hodisa oqibatida yetti kishi vayronalar ostida qolib ketgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda BBC xabar berdi.
Hodisa kecha, 23 oktyabr kuni tushdan keyin Nayrobining Istli hududida sodir bo‘lgan. Taxminan 16 yoki 18 qavatli bino qulashidan avval uning pastki qavati o‘pirilib tushgan. Shundan so‘ng butun inshoot qulab, atrofni chang qoplagan.
Qayd etilishicha, bino qulagan vaqtda uning yuqori qavatlarida o‘nlab quruvchilar ishlayotgan bo‘lgan. Ularning aksariyati binodan chiqishga ulgurgan. Keniya Ichki ishlar vaziri Kipchumba Murkomenning aytishicha, hodisa vaqtida inshootda bo‘lgan 67 nafar qurilish ishchisidan 66 nafari hech qanday jarohat olmasdan qutulgan. Yana bir ishchi hayot uchun xavfli bo‘lmagan jarohatlar olgan.
Bedarak yo‘qolgan yetti kishi esa binoning quyi qavatlarida joylashgan do‘konlarda bo‘lgan deb taxmin qilinmoqda. Rasmiylar bino hali qurilish jarayonida bo‘lishiga qaramay, uning pastki qavatlaridagi 11 ta do‘kon allaqachon faoliyat boshlaganini bildirgan.
Hodisa joyidan olingan tasvirlarda binoning beton qavatlari bir-birining ustiga qulab tushgani ko‘rinadi. Qutqaruvchilar vayronalar ostida qolgan odamlarni topish uchun metall konstruksiyalarni kesib, qidiruv ishlarini olib bormoqda.
Hozircha binoning nima sababdan qulagani aniq emas. Shuningdek, uning qurilishi tasdiqlangan loyiha va xavfsizlik talablariga muvofiq olib borilganmi, degan savollar ham yuzaga kelgan.
Keniya Milliy qurilish boshqarmasi bayonotida inshootni qurayotgan kompaniya, me’mor va konstruksiya muhandisi aniqlanganini ma’lum qilgan. Biroq bino qulashidan oldin qurilish maydoni tekshirilgan yoki tekshirilmagani haqida ma’lumot berilmagan.
Nayrobi gubernatori Sakaja Jonsonning mahalliy OAVga aytishicha, bino egalari undan foydalanish uchun zarur hujjatlarga ega bo‘lmagan. U markaziy hukumatni tasdiqlangan qurilish loyihalari va xavfsizlik talablariga rioya qilmaydigan quruvchilarni jazolash borasida mahalliy hokimiyat vakolatlarini kengaytirishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Istanbul shahri Jevizli mahallasi Dog‘u ko‘chasidagi 7 qavatli bino qisman qulab tushgan edi.
Live
Barchasi