Kelishuv yoqmasa, yana bombardimon qilamiz – Tramp Eron haqida
Olam
−
17 iyun 3437 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv hali yakuniy emasligini bildirdi. Bu haqda u bugun, 17 iyun knui Fransiyada bo‘lib o‘tayotgan “Katta yettilik” (G7) sammitida ma’lum qildi.
Trampning aytishicha, agar Tehron kelishuv shartlariga amal qilmasa yoki Vashington talablarini qoniqtirmasa, AQSH harbiy harakatlarni qayta boshlashi mumkin.
“Bu o‘zaro anglashuv memorandumi, xolos. Agar u menga yoqmasa, yana ularga qarshi o‘q uzishga, boshlariga bomba tashlashga qaytamiz”, degan AQSH rahbari.
Shu bilan birga, G7 davlatlari rahbarlari Eron bilan erishilgan oraliq kelishuvni olqishlab, Livanda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan. Shuningdek, ular Eron bilan bog‘liq mojaro tufayli Hormuz bo‘g‘oziga qaramlikni kamaytirish maqsadida energiya ta’minoti yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish niyatida ekanini ma’lum qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, sammit Fransiyaning Evian-le-Ben shahrida o‘tmoqda. AQSH va Eron o‘rtasidagi memorandum esa 19 iyun kuni Shveysariyada imzolanishi kutilmoqda. Vashington va Tehron o‘rtasidagi kelishuv urushni tugatish bo‘yicha yakuniy tinchlik muzokaralariga start berishi ta’kidlangan. Joriy yil boshidan buyon davom etgan mojaro oqibatida 7 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan bo‘lib, qurbonlarning asosiy qismi Eron va Livan hissasiga to‘g‘ri keladi.
Sammit yakuni bo‘yicha qabul qilingan bayonotda G7 davlatlari Eronning yadroviy dasturi va mintaqadagi faoliyati bilan bog‘liq xavotirlar saqlanib qolayotganini qayd etgan.
“Muzokaralar Eron tomonidan kelib chiqayotgan tahdidlarni bartaraf etishi va mamlakat hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmasligini ta’minlashi zarur”, deyiladi kelishuv hujjatida.
Qayd etilishicha, sammit Tramp uchun Eron bilan tuzilgan kelishuvni Britaniya, Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya va Yaponiya rahbarlariga taqdim etish imkonini bergan. Ushbu davlatlar Vashingtonning Eron yadroviy dasturiga oid xavotirlarini bo‘lishsa-da, avvalroq AQSHning urush boshlash qarorini qo‘llab-quvvatlamagan edi. Ayrim davlatlar Eronning bosimlarga qaramay qarshilik ko‘rsatgani va Hormuz bo‘g‘ozi ustidan ta’sirini saqlab qolgani Tehronning muzokaralardagi pozitsiyasini kuchaytirganini ta’kidlagan.
G7 davlatlari kelishuv ijrosiga ko‘maklashishga tayyor ekanini bildirgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Britaniya va Fransiya boshchiligidagi koalitsiya Hormuz bo‘g‘ozi qayta ochilganidan keyin xalqaro dengiz qatnovi xavfsizligini ta’minlashda ishtirok etishi mumkin.
Kelishuvning asosiy shartlari hali ochiqlanmagan
Vashington va Tehron o‘rtasidagi memorandum hozircha ommaga taqdim etilmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, hujjat aprel oyida e’lon qilingan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini yana 60 kunga uzaytirishni nazarda tutadi. Bu muddat davomida tomonlar doimiy tinchlik kelishuvi bo‘yicha muzokara olib boradi.
Kuzatuvchilar fikricha, Tramp urush boshlanishida qo‘yilgan asosiy maqsadlarning aksariyatiga erisha olmagan. Erondagi siyosiy tizim saqlanib qolgan, yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralari topshirilmagan, ballistik raketa dasturi tugatilmagan va mamlakatning mintaqadagi ittifoqchilariga ko‘magi ham davom etmoqda.
Tramp esa kelishuv Eronning yadroviy qurol yaratmasligiga kafolat berishini aytgan. AQSH rasmiylari keyingi muzokaralarda Eronning boyitilgan uran zaxiralarini yo‘q qilish yoki mamlakatdan olib chiqish masalasi muhokama qilinishini bildirgan.
Shu orada, Hormuz bo‘g‘ozi qayta ochilishi mumkinligi haqidagi xabarlar ortidan neft narxlari yana pasaygan. Brent markali neft fyucherslari bir barrel uchun 80 dollardan pastga tushib, AQSH–Eron mojarosi boshlanganidan beri eng past ko‘rsatkichlardan birini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp G7 sammitida Isroilni keskin tanqid qilgan edi.
Live
Barchasi