“Katta dubulg‘a” chempioni firibgarlikda gumon qilinib, hibsga olindi
Sport
−
23 iyul 2303 1 daqiqa
Yaponiyalik sobiq professional tennischi, 1997 yilgi “Rolan Garros” chempioni Rika Xiraki firibgarlikda gumon qilinib, hibsga olindi. Bu haqda “Kyodo” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Yaponiya politsiyasi Xirakini to‘rt yil avval sodir etilgan firibgarlik holati bo‘yicha tergov qilmoqda. Gumon qilinishicha, jinoiy sxema natijasida bir ayoldan 300 ming iyena (taxminan 1 836 AQSH dollari) undirib olingan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, firibgar ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini Fransiyada faoliyat yurituvchi ortoped-jarroh sifatida tanishtirgan. U turmush o‘rtog‘i vafot etganini aytib, marhumning Yaponiyaga yuborilayotgan mol-mulkini olish uchun bojxona talab qilayotgan maxsus sertifikat haqini to‘lash kerakligiga ayolni ishontirgan.
Politsiyaning ma’lum qilishicha, bankomat kuzatuv kameralari tasvirlarida Rika Xiraki aynan o‘sha kuni mazkur hisob raqamidan naqd pul yechib olayotgani aks etgan. Shuningdek, huquq-tartibot idoralari ushbu hisob raqamiga pul o‘tkazganini bildirgan boshqa fuqarolarning murojaatlarini ham o‘rganmoqda.
54 yoshli Rika Xiraki faoliyati davomida yakkalik bahslarida WTA reytingida eng yuqori 72-o‘ringa, juftliklar bahslarida esa 26-o‘ringacha ko‘tarilgan.
Ma’lumot uchun, Rika Xiraki 1997 yilda Hindiston vakili Mahesh Bhupati bilan birgalikda Fransiya ochiq chempionati (“Rolan Garros”) aralash juftliklar bahsida g‘olib chiqqan edi.
Live
Barchasi