Toshkentda karantin vaqti “eplab ko‘chada yurgan” 3 kishi qamaldi (video)
Jamiyat
−
07 aprel 2020
23020Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi Amir Temur xiyobonida karantin vaqtida bir necha fuqaroning niqobsiz yurgani va koronavirus epidemiyasi qachon tugashini Amir Temur haykalidan so‘rayotgani aks etgan video tarqalgandi. Oliy sud Matbuot xizmati videodagi fuqarolarga jazo tayinlanganini ma’lum qildi.
Bugun, 7 aprel kuni Yunusobod tuman ma’muriy sudida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzish) hamda 183-moddasi (mayda bezorilik) da nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar harakatlari bo‘yicha K.Majidova (1998 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan), U.Hamidov (1993 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan) va O.Razikov (1990 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan) ga nisbatan yuritilgan ma’muriy ish ko‘rib chiqildi.
Aniqlanishicha, yuqoridagi fuqarolar 2020 yil 1 aprel kuni soat taxminan 18:00 larda Toshkent shahri Yunusobod tumani Amir Temur ko‘chasidagi Amir Temur xiyobonida mamlakatda o‘rnatilgan karantin talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish qoidalarni buzishgan. Shuningdek, xavfsizlik niqobini taqmagan holda Amir Temur haykali me’moriy yodgorligi oldida koronavirus epidemiyasi O‘zbekistondan qachon ketishi haqida so‘rab, Amir Temur shaxsiga hurmatsizlik qilib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslikda ifodalangan harakatlarini videotasvirga tushirib, olingan videolavhani 2020 yil 6 aprel kuni Internetdagi ijtimoiy tarmoqga joylashtirishgan.
Sud K. Majidova, U. Hamidov va O. Razikovning aybi, ular bergan ko‘rsatmalaridan tashqari bildirgi, ish bo‘yicha olingan tushuntirish xatlari, ma’muriy bayonnomalar hamda ish bo‘yicha to‘plangan boshqa hujjatlar bilan o‘z tasdig‘ini topgan deb hisobladi.
Yunusobod tuman ma’muriy sudining 7 apreldagi qaroriga ko‘ra, K. Majidova, U. Hamidov va O. Razikov O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54, 183 moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 34-moddasi (bir necha huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llash) tartibida uzil-kesil 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.