Kanada Polshadagi hodisadan so‘ng Rossiya elchisini chaqirtirdi

Olam

image

Kanada Polshada dronlar bilan bog‘liq hodisadan so‘ng Rossiya elchisini chaqirtirdi. Bu haqda bugun, 13 sentyabr kuni Kanada Tashqi ishlar vaziri Anita Anand X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.

“Shu hafta Kanada Rossiyaga NATO va Polsha havo hududini buzgan Rossiya dronlari bosqini munosabati bilan murojaat qildi”, deb yozdi Kanada TIV rahbari.

Anand e’lon qilgan bayonotda Rossiya dronlari Polsha havo chegarasini buzganida NATO havo hududini ham buzgani qayd etilgan.

“Bugun men NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan suhbatlashib, Kanadaning NATO ittifoqchilari va Ukrainaga bo‘lgan qat’iy qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladim. Kanada NATOning “Sharqiy qo‘riqchi” (Eastern Sentry) operatsiyasini olqishlaydi, u alyansning Sharqiy qanotida kollektiv mudofaani mustahkamlaydi. Asossiz boshlangan bu urushning boshidan buyon Kanada Ukrainaga 22 milliard dollardan ortiq yordam ko‘rsatdi (qarzlar, harbiy yordam, rivojlanish bo‘yicha yordam) va qariyb 4000 nafar shaxs hamda tashkilotlarga sanksiyalar joriy etdi. Ushbu hafta sodir bo‘lgan dron hodisasidan so‘ng, Kanada Rossiya elchisini chaqirib, Rossiyaga rasmiy tanbeh berdi. Kanada o‘z suvereniteti va hududiy yaxlitligi manfaatlarida qisqa va uzoq muddatlarda Ukraina bilan birdamlikda bo‘lishda davom etadi”, deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 10 sentyabrga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaga yirik zarbalar berganida kamida 19 ta dron Polsha chegarasini kesib o‘tgandi. Dronlarni tutib olish uchun Polsha samolyotlaridan tashqari boshqa NATO davlatlarining qiruvchi samolyotlaridan ham foydalanilgan.

Dron parchalari Belarus va Ukraina bilan chegara yaqinidagi Viriki qishlog‘idagi turarjoy binosiga zarar yetkazdi, qurbonlar yo‘q.

Varshavaning ta’kidlashicha, Rossiya ataylab Polshaga hujum qilgan va Varshava Shimoliy Atlantika shartnomasining 4-moddasiga muvofiq NATO ittifoqchilari bilan maslahatlashishni talab qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Rossiya Pol'sha Kanada

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing