Qurilish ob’ektlarini loyihalash va nazorat qilish tartibi o‘zgaradi

Jamiyat

−

image

Endi O‘zbekistonda byudjet mablag‘lari hisobidan quriladigan ob’ektlar uchun namunaviy loyihalardan foydalanish, loyiha hujjatlariga asossiz o‘zgartirishlar kiritishni taqiqlash tartibi joriy etiladi. Bu Hukumatning 2026 yil 21 oktyabrdagi 584-son qarorida belgilangan.

Qarorga ko‘ra, maqsadli dasturlar doirasida moliyalashtiriladigan qurilish-ta’mirlash ob’ektlari bo‘yicha buyurtmachi xizmatlarini ko‘rsatishda bir qator talablar belgilandi.

Jumladan, byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan ob’ektlarda mualliflik nazorati bilan bog‘liq xarajatlar shartnomada alohida ko‘rsatiladi. Bu xarajatlar loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish qiymatining 10 foizi miqdorida belgilanadi.

Shuningdek, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha shartnomalarga muvofiq loyiha tashkilotlariga bir marta 30 foiz miqdorida oldindan bo‘nak to‘lovi to‘lanadi.

Loyihalash topshiriqlari raqamli formatda tayyorlanishi va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanishi talab etiladi. Ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali qabul qilinib, avtomatik ravishda bir ish kuni ichida ekspertizaga yuboriladi.

“Shaffof qurilish” tizimida ob’ektlarni loyihalash topshiriqlarini raqamlashtirish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi:

  • 2026 yil 1 dekabrga qadar — maktablar va maktabgacha ta’lim tashkilotlari ob’ektlari;
  • 2027 yil 1 sentyabrga qadar — sog‘liqni saqlash sohasidagi ob’ektlar;
  • 2028 yil 1 iyunga qadar — boshqa yo‘nalishlardagi ob’ektlar.
  • 2027 yil 1 martdan boshlab maqsadli dasturlar doirasida byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan ob’ektlarning loyiha hujjatlarida yagona yondashuv joriy etiladi.

Bunda namunaviy va takroriy qo‘llanadigan loyihalar “Shaffof qurilish” tizimiga joylashtiriladi. Qurilishi tasdiqlangan namunaviy loyihalar asosida ob’ektlar ularni joyiga bog‘lash orqali barpo etiladi. Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bundan mustasno.

Ob’ektlarning loyiha hujjatlari bo‘yicha ijobiy ekspertiza xulosasi olinib, buyurtmachi xizmatining ichki buyrug‘i bilan tasdiqlanganidan keyin asoslantirilmagan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish taqiqlanadi.

Tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan ob’ekt qiymati loyiha tashkilotini aniqlashda foydalanilgan dastlabki qiymatdan 1,5 baravardan ko‘p yoki kam bo‘lsa, loyiha-qidiruv ishlarining qiymati qayta hisoblab chiqiladi.

Qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing