Qo‘qondagi dahshatli portlash ortidan jinoyat ishi ochildi

3-sahifa

image

Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida sodir bo‘lgan portlash yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda IIV Tergov departamenti xabar berdi.

Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona viloyati IIB 2-mintaqaviy hudud Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoyat ishi Tergov departamenti tomonidan nazoratga olingan. 

Ma’lum qilinishicha, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashrapov Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa joyida bo‘lib, tergov-tezkor guruhi faoliyatini muvofiqlashtirgan. 

Vazir o‘rinbosari Ashrapov tomonidan voqea joyida tergov-tezkor guruhi tuzilib, mas’ul xodimlarga zarur topshiriqlar berilgan. Jumladan, hodisa joyini Jinoyat-protsessual kodeksi talablariga muvofiq hujjatlashtirish, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan narsa va buyumlarni olish, guvohlardan batafsil ko‘rsatmalar olish hamda boshqa zarur tergov harakatlarini amalga oshirish vazifalari yuklatilgan.

Qayd etish joiz, kecha, 25 fevral kuni soat 14:47 da Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahri Bo‘ston mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan ko‘p qavatli uylardan birida chaqnash sodir bo‘lib, uning oqibatida yong‘in kelib chiqqandi. Hodisa oqibatida bir nechta xonadonlarga zarar yetgan.

Qolaversa, mazkur uyda istiqomat qilgan, 2007 yilda tug‘ilgan fuqaro beton qoplama (plita) bosib qolishi sababli og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan. Boshqa shaxslarning jarohat olgani to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmagan.

Xabar asosida hodisa joyiga ichki ishlar organlari hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning mas’ul xodimlari yetib kelib, yong‘inni bartaraf etish, chaqnashning kelib chiqish sabablarini aniqlash va hodisa joyini ko‘zdan kechirish ishlariga kirishilgan.


Maqola muallifi

Teglar

portlash Qo'qon Ramazon Ashrapov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing