Qozon yana BRICS o‘yinlariga mezbonlik qilishi mumkin
Sport
−
17 yanvar 3539 2 daqiqa
Tataristonda BRICS qishki sport o‘yinlari loyihasi ishlab chiqilmoqda. Bu haqda Tatariston sport vaziri Vladimir Leonov boshqarmaning yakuniy hay’at yig‘ilishida ma’lum qildi.
“O‘tgan yili Tatariston BRICS sammitiga muvaffaqiyatli mezbonlik qildi, ammo undan oldin BRICS o‘yinlari o‘ziga xos repetitsiya vazifasini o‘tadi. Biz dunyoning kamida yarmini yig‘dik, nafaqat do‘st davlatlar, balki bizga unchalik yaqin bo‘lmagan davlat vakillari ham keldi. Bu yerda shunchaki ajoyib muhit hosil bo‘ldi. Bizda BRICS mamlakatlarining qishki o‘yinlarini o‘tkazish bo‘yicha ham rejalar bor”, deydi Leonov.
Shuningdek, vazir musobaqalarda nafaqat BRICS davlatlari, balki tashkilotga a’zo bo‘lmagan mamlakatlar vakillari ishtirok etishi ham mumkinligini aytdi.
“Biz nafaqat BRICS mamlakatlari, balki BRICS+ davlatlari haqida gapirayapmiz. Shuning uchun biz bu yerda katta o‘sish nuqtasini ko‘rmoqdamiz va bu yil federal hamkasblarimiz bilan bu masalada muhokamalar o‘tkazamiz”, deydi Leonov.
Jurnalistlar bilan suhbatda vazir Qozonda juda yaxshi rivojlangan infratuzilma ham borligini ta’kidladi.
“Snoubord musobaqalarini o‘tkazish mumkin bo‘lgan muz saroylari, tog‘-chang‘i majmuasi, chang‘i majmuasi bor. Biz 10 ga yaqin sport turini Qozon hududida o‘tkazishimiz mumkin. Bunga infratuzilma imkon beradi, logistika juda qulay”, deydi Vazir.
Qayd etish joiz, Qozon shahrida 2024 yilda BRICS o‘yinlari o‘tkazilgandi. Bahslarda O‘zbekiston delegatsiyasi jami 114 ta medal bilan umumjamoa hisobida 4-o‘rinni egallagan.
Live
Barchasi