Qozog‘istonliklar urushga chorlanmoqda. Holat yuzasidan tekshiruv boshlandi
Olam
−
29 aprel 2025 27520 2 daqiqa
Qozog‘istonda xorijiy davlatdagi urushda qatnashishga da’vat qiluvchi varaqalar tarqatilishi holatlari bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilmoqda. Bu haqda “Tengrinews.kz” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda urushda qatnashishga da’vat qiluvchi varaqalar tasvirlangan suratlar tarqatilmoqda. Ushbu bukletlarda Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi va uning aloqa ma’lumotlari ko‘rsatilgan. Bunday suratlarni o‘quvchilar “Tengrinews.kz” tahririyatiga yuborgan. Ularning da’vo qilishicha, varaqalar Qozog‘iston shaharlarida – Astana, Olmata va Atiraudagi ko‘chalarda tarqatilgan.
Mazkur holat yuzasidan nashr Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) va Ichki ishlar vazirligiga (IIV) rasmiy so‘rovlar yuborgan. Milliy xavfsizlik qo‘mitasining xabar berishicha, internetda ushbu varaqalarning joylashtirilishi bo‘yicha tekshiruv olib borilmoqda.
“Biroq ularning shaharlarda va viloyatlarda jismoniy tarqatilgani haqidagi ma’lumotlar tasdiqlanmadi. Bu shundan dalolat beradiki, varaqalar faqat internet orqali tarqatilgan, lekin amalda ko‘chalarda tarqatilmagan”, deyiladi xabarda.
IIV ham varaqalar tarqatilganini aniqlamaganini bildirgan.
“Shu bilan birga ijtimoiy tarmoqlarda boshqa davlatlarning qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzishga va buning uchun pul mukofoti olishga da’vat qiluvchi materiallar joylashtirilgan holatlar mavjud”, deya qo‘shimcha qilgan vazirlik.
Bu holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi va maxsus organlar tekshiruv olib bormoqda.
IIV Qozog‘iston fuqarolariga mamlakat qonunchiligiga rioya qilishni va og‘ir huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishni qat’iy tavsiya qilmoqda.
Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda fuqarolarning boshqa davlatning qurolli to‘qnashuvida yoki harbiy harakatlarida qasddan noqonuniy ishtirok etishi yollanma belgilari bo‘lmasa, 5 yildan 9 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi (Jinoyat kodeksining 172-moddasi).
Jinoyat kodeksining 170-moddasiga ko‘ra, yollanma jinoyatning og‘irligiga qarab, mol-mulki musodara qilingan holda Qozog‘iston fuqaroligidan mahrum qilgan holda yoki undan mahrum qilib, umrbod 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
2022 yildan beri Qozog‘istonda fuqarolarning xorijdagi urushlarda ishtiroki bo‘yicha 97 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Beshtasi 170-modda, 92 tasi esa 172-moddaga binoan. Ya’ni, kamida 97 nafar qozog‘istonlik xorijda harbiy mojarolarda ishtirok etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bir qator xorijiy ommaviy axborot vositalari Ostona Rossiya bilan chegarada hududiy mudofaa brigadalarining eng yirik guruhini joylashtirishi haqida xabar tarqatgandi. Keyin esa bu mazmundagi xabarlarga Qozog‘iston Respublikasi Mudofaa vazirligi izoh berib, ular feyk ekanini bildirdi.
Live
Barchasi