Qozog‘istonlik vazir kartoshka narxining oshishiga O‘zbekistonni sababchi qildi
Olam
−
02 iyun 26481 2 daqiqa
Qozog‘istonning Milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumangarin mamlakatda kartoshka narxlarining oshishiga izoh berib, bunga sabab sifatida O‘zbekistonda hosil bo‘lmaganini keltirdi. Bu haqda u jurnalistlarga bergan intervyusida so‘z ochgan.
Ma’lum qilinishicha, jurnalistlarning kartoshka narxining balandligi haqidagi savollariga javoban vazir o‘tgan yil kartoshkachilik hosilsiz kelganini tasdiqlagan.
“Bu yerda talab va taklif qonuni ishlaydi. Kartoshka bilan shunaqa voqealar yuz berdi – sababi na Belarusda, na Rossiyada, na O‘zbekistonda hosil bo‘lmadi. Qozog‘istonda esa biz o‘tgan yili yetarli zaxiralarni shakllantirgan edik. Ammo fermerlar ham foyda ko‘rishi kerak edi, shuning uchun ma’lum bir vaqtgacha biz kartoshka eksportiga to‘sqinlik qilmadik. Kartoshka taqchilligi yo‘q, lekin narxlar oshdi”, degan Serik Jumangarin.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, hukumatda ikkita yo‘l bor edi: birinchisi – kartoshka narxini cheklash, biroq bu holda fermerlar bu yil uni umuman ekmasligi mumkin, bu esa kelgusi yilda real taqchillikka olib keladi. Ikkinchi yo‘l – kartoshka eksportini cheklash edi, va aynan shu yo‘l tanlangan.
“Lekin biz narxlarni cheklash yo‘liga bormadik, chunki bu bozor mexanizmlariga zid bo‘lardi. Hozirda kartoshkaning narxi 400 dan 600 tengegacha. Hozir esa Turkistonda yangi kartoshka chiqa boshladi, u 200–300 tenge atrofida. Menimcha, yaqin kunlarda narxlar barqarorlashadi. Hech bir daqiqa bo‘lmadi-ki, do‘konlar peshtaxtalarida kartoshka bo‘lmagan bo‘lsa. Masala faqat narxda, lekin talab ham shunga yarasha bo‘ladi”, degan Jumangarin.
Ma’lumot uchun, bu yili Qozog‘istonda 15 ming tonna “premium” (yuqori sifatli) kartoshka yetishtirilgan, oddiy ijtimoiy kartoshka esa 2,6 million tonnani tashkil qilgan. “Ikkinchi non” hisoblangan kartoshkaga mamlakatda taqchillik yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq belaruslik Aleksandr Lukashenko mamlakatda kartoshka yetishtirish hajmini oshirish zarurligini ta’kidlab, bu kartoshka Belarusning o‘ziga ham, Rossiyaga ham yetishi kerakligini aytgandi. Unga ko‘ra, Rossiyada kartoshka yetishmovchiligi ko‘payib bormoqda.
Live
Barchasi