Qozog‘istonda LGBT targ‘ibotchilari jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin
Olam
−
31 iyul 2025 3148 2 daqiqa
Qozog‘istonning Majlis deputati (quyi palata) Odil Janbirshin mamlakatda LGBTni targ‘ib qilishni taqiqlash, shuningdek, bunday faoliyat uchun jinoiy javobgarlik joriy etishni taklif qildi. Bu haqda u kecha, 30 iyul kuni Ostona shahrida OAV bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.
“Biz faqatgina taqiq bilan cheklanmasligimiz kerak. Agar ushbu taqiq buzilsa va LGBT ijtimoiy tarmoqlarda, ommaviy axborot vositalarida yoki boshqa bilvosita usullar bilan targ‘ib qilinsa, menimcha, faqat ma’muriy emas, jinoiy javobgarlik ham ko‘zda tutilishi kerak”, degan deputat.
Shuningdek, tadbirda LGBTning bolalar va o‘smirlar salomatligi uchun xavfi bo‘yicha ekspertlar o‘tkazgan tadqiqot natijalari ham muhokama qilingan. Tadqiqotda qatnashgan qozog‘istonliklarning 89 foizi LGBT targ‘ibotiga taqiq qo‘yish kerakligini bildirgan.
“Bu har kimning shaxsiy ishi, biroq uni ommaviy axborot vositalari yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali targ‘ib qilishga yo‘l qo‘yilmasligi kerak. Biz bir guruh deputatlar LGBT targ‘ibotiga qarshi normalarni ishlab chiqdik, ammo ular qabul qilinmadi – chunki ko‘plab noroziliklar bo‘ldi”, degan Janbirshin.
Qolaversa, Odil Janbirshin o‘tgan yili LGBT targ‘ibotiga qarshi rasmiy petitsiya 10 kun ichida 50 mingdan ortiq imzo to‘plaganini ham eslatgan.
“Xalq bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi, maxsus komissiya tuzildi va endilikda olimlar hamda ekspertlar bu targ‘ibotning zararli tomonlarini ochiq ko‘rib turishibdi”, deya qo‘shimcha qilgan deputat.
Uning aytishicha, LGBT targ‘ibotining 73 foizi ijtimoiy tarmoqlardagi kontent orqali tarqalmoqda va ular asosiy targ‘ibot vositasiga aylangan.
“Jeneva deklaratsiyasida oila qadriyatlari va ayollar salomatligi haqida aytilgan. AQSH ham aynan shu hujjatga tayangan holda LGBTga qarshi qonun qabul qilgan. Albatta, inson huquqlari himoyalanishi kerak, lekin nega biz ko‘pchilik emas, ozchilik fikrini himoya qilishimiz kerak?” deya savol qo‘ygan Janbirshin.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 mart kuni Kongressdagi nutqida AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakatda va butun dunyoda “sog‘lom fikr inqilobi”ni e’lon qilib, AQSHda faqat ikkita jins – erkak va ayol tan olinishini aytgandi.
Live
Barchasi