Qozog‘istonda ikkinchi AES qayerda qurilishi aytildi

Olam

image

Qozog‘istonda atom elektr stansiyasini qurish uchun ikkinchi joy sifatida Olmaota viloyatining Jambil tumani tanlandi. Bu haqda Atom energiyasi agentligi rahbari Almasadam Satqaliyev bugun, 1 oktyabr kuni parlamentning quyi palatasi majlisi chog‘ida ma’lum qildi.

Rasmiyning ta’kidlashicha, ikkinchi stansiya “mamlakat janubida ham bo‘ladi”, chunki Qozog‘iston janubida energiya tanqisligi mavjud.

“Hozirda elektr energiyasi “Shimol-Janub” tranzit liniyasi orqali uzatilmoqda. Bu (ikkinchi atom elektr stansiyasining qurilishi) energiya ta’minoti barqarorligi va ishonchliligini yaratadi”, deydi agentlik rahbari.

Satqaliyevning qo‘shimcha qilishicha, hozirda barcha ishtirokchilar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Xitoydan CNC foydasiga yakuniy qaror qabul qilinmagan, biroq Qozog‘iston uni “birinchi AES qurilishi chog‘ida bildirgan takliflari asosida AES qurilishi bo‘yicha ustuvor pudratchi” sifatida ko‘radi.

“Rosatom” Olmaota viloyatining Jambil tumanidagi Ulken qishlog‘ida respublikadagi birinchi atom elektr stansiyasini qurishni rejalashtirgan. Ulken qishlog‘i 1984 yilda tashkil etilgan. O‘sha paytda u yerda Janubiy Qozog‘iston davlat issiqlik elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan, ammo loyiha amalga oshmay qolgan. 1997 yilda Qozog‘iston Yadro jamiyati tashabbusi bilan bu maydon AES qurish uchun ajratilishi taklif qilingan, biroq ekologlar va mahalliy aholi noroziligi tufayli qurilish bekor qilingan.

Masofa jihatidan Ulken qishlog‘i Toshkentdan 550 km, Bishkekdan 264 km, Olmaotadan 322 km uzoqlikda joylashgan. Mutaxassislar avvalroq ikkinchi zavod uchun joy sifatida Sharqiy Qozog‘iston viloyatining Kurchatov shahrini taklif qilgan edi.

Ayni paytda Prezident Qosim-Jomart To‘qayev o‘tgan yilning bahorida “kelgusi o‘n yilliklar uchun rivojlanish uchun poydevor bo‘ladigan yangi energetika sektorini yaratish” maqsadida respublikada uchta atom elektr stansiyasini qurish zarurligini e’lon qilgan edi. Almasadam Satqaliyevning ta’kidlashicha, G‘arbiy Qozog‘iston va Kaspiy dengizi sohillari rasmiylar tomonidan kichik va o‘rta quvvatli reaktorlarga ega atom elektr stansiyasi uchun potensial joy sifatida ko‘rilmoqda.

Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda AES qurilishini yakunlash muddati taxminan 2035–2036 yillarga belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda AES qurish to‘g‘risidagi qaror o‘tgan yili o‘tkazilgan referendumda qabul qilingan edi. Mamlakatdagi birinchi atom elektr stansiyasi qurilishini referendum ishtirokchilarining 71,12 foizi qo‘llab-quvvatlagan. AES 2035 yilgacha qurilishi rejalashtirilgan. Loyihaning qiymati 10-12 milliard dollarga baholanmoqda.

Mohichehra Qadamova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Qozog'iston Rosatom AES Almasadam Satqaliev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing