Qozog‘istonda bayroqni teskari ilgan xodim jazolandi
Olam
−
20 Oktabr 2025 6301 1 daqiqa
Qozog‘istonning Atirau shahrida mamlakat bayrog‘ini teskari ilgan xodimga chora ko‘rildi. Bu haqda “Tengrinews.kz” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda shahar hokimiyatiga tegishli bo‘lgan bayroq teskari ilingani aks etgan videolar tarqab, aholining muhokama va noroziliklarini ketirib chiqargan.
Bayroq olib tashlanganidan keyin ham tarmoq foydalanuvchilari xatolikni qo‘pol e’tiborsizlik sifatida baholab, aybdorlar jazolanishini talab qilgan. Keyinroq Atirau hokimligi vaziyat yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, holat texnik xato ekanini ma’lum qilgan.
“17 oktyabr kuni pudratchi tashkilot xodimlari bayroqni ko‘tarish chog‘ida texnik xatoga yo‘l qo‘ygan. Ular mamlakat bayrog‘ini teskari osib qo‘ygan. Hozir bayroq reglamentga muvofiq o‘rnatilgan”, deyiladi hokimiyat bayonotida.
Xabar qo‘shimcha qilinishicha, tashkilot xodimi Qozog‘iston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 458-moddasi (Qozog‘iston Respublikasi davlat ramzlaridan foydalanish qoidalarini buzish) bo‘yicha ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Mazkur moddaga ko‘ra, unga 184 600 tenge (taxminan 4 mln so‘m) miqdorida jarima belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tgan XXXIII Olimpiadaning ochilish marosimida Olimpiya bayrog‘i adashib, teskari ko‘rinishda ko‘tarilgan edi.
Bunyod Keldiboyev
Live
Barchasi