Qozog‘iston va Xitoy chegarasida 1500 ta yuk mashinasi qolib ketdi

Olam

image

Qozog‘iston-Xitoy chegarasidagi “Nur joli” avtomobil o‘tish punktida taxminan 1500 ta yuk mashinasi navbatda qolib ketgan. Bu haqda Qozog‘izston Davlat daromadlari qo‘mitasiga tayanib, “Nur.kz” xabar berdi.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, hozirda “Nur joli” punktida 1500 ga yaqin yuk transport vositasi to‘planib qolgan. Xitoy tomoni joriy yilning oktyabr oyida Qozog‘istondan kuniga kamida 800 ta avtomobilni qabul qilishga, yil oxirigacha esa bu ko‘rsatkichni bosqichma-bosqich 1000 taga yetkazishga rozilik bergan.

“Erishilgan kelishuvlarga muvofiq elektron navbat tizimidagi kvotalar oshirilib, tashish jarayonining uzluksizligini ta’minlash choralari ko‘rilgan. Biroq 2025 yil 8-12 noyabr kunlari Xitoy tomoni amalda kuniga o‘rtacha 700-750 ta transport vositasini qabul qildi. Aynan shu holat vaqtinchalik to‘planishning asosiy sababi bo‘ldi”, deyiladi qo‘mita bayonotida.

Bundan tashqari, boshqa bir o‘tish punkti – “Qaljat-Dulati”da inspeksiya-nazorat majmuasini o‘rnatish ishlari olib borilgan. Bu jarayon qariyb bir hafta davom etgani sababli ushbu yo‘nalishdagi o‘tkazish qobiliyati cheklangan va transport oqimining bir qismi “Nur joli”ga yo‘naltirilgan. Bu esa punkt infratuzilmasiga qo‘shimcha yuklama keltirgan.

“Vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida 2025 yil 13 noyabrdan boshlab elektron navbat tizimi orqali kunlik transport kvotasi 650 taga optimallashtiriladi. Bu oqimni teng taqsimlash va o‘tkazish jarayonining barqarorligini ta’minlash imkonini beradi”, deyiladi qo‘mita izohida.

Qayd etilishicha, vaziyat doimiy nazoratda. Xitoy tomoni bilan faol muzokaralar olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

chegara Qozog'iston-Xitoy Nur joli

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing