Qorabog‘ bo‘yicha kelishuvdan voz kechish Armaniston uchun o‘z joniga qasd qilish bo‘lardi – Putin
Olam
−
18 noyabr 2020
10889Armaniston Ozarbayjon bilan Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha erishgan kelishuvidan voz kechganida bu mamlakat uchun o‘z joniga qasd qilish bo‘lardi. Kelishuvni imzolashga bosh bo‘lgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin shunday fikr bildirdi.
“Bu o‘z joniga qasd qilish bo‘lardi. Bosh vazir Pashinyan, albatta, bu unga og‘ir, ammo u biz uch tomonlama bayonot imzolagan vaqtdagi haqiqiy manzarani, haqiqiy vaziyatni baholay oldi. Men hech nima qo‘shimcha qilolmayman. U barcha haqiqatni aytdi”, degan Putin “Rossiya 24” telekanali efirida.
U kelishuvga amal qilish yoki qilmaslik har bir davlatning o‘z ishi ekanini ta’kidlagan holda majburiyatlarni bajarmaslik ulkan xato bo‘lishini qo‘shimcha qildi.
“Umid qilamanki, bunday bo‘lmaydi”, degan Rossiya yetakchisi.
Eslatib o‘tamiz, 27 sentyabrda Tog‘li Qorabog‘da vaziyat yomonlashgandi, bahsli hududda faol janglar boshlangandi. Baku va Yerevan 1988 yil fevralidan boshlab Ozarbayjon SSR tarkibidan chiqqanligini e’lon qilganidan beri mintaqaga egalik qilish masalasida bahslashmoqda. 1992-1994 yillardagi qurolli to‘qnashuv paytida Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ va unga qo‘shni yetti viloyat ustidan nazoratni yo‘qotgandi.
9 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarning to‘liq to‘xtatilishi to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzoladilar. Hujjat, xususan, Rossiyadan tinchlikparvar kuchlarni mintaqaga joylashtirishni nazarda tutadi.