Qishda magistraturaga kirmoqchi bo‘lganlar uchun muhim yengillik berildi
Jamiyat
−
14 noyabr 2022
15687Magistratura qishki qabulida xorijiy tilni bilish darajasidan qat’i nazar sertifikati borlar hujjat topshirishi mumkin. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, 2022-2023 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga dekabr-yanvar oylaridagi tanlovda istisno tariqasida xorijiy tilni bilish darajasidan qat’i nazar (C1 yoki B2 sertifikatidan tashqari boshqa darajadagi) sertifikatga ega talabgorlar ham ishtirok etishiga ruxsat etilgan.
Biroq, ahamiyatli tomoni shundaki, o‘qishga qabul qilingan talabalar o‘qishi davomida talab etilganidek milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritishi lozim. Aks holda yakuniy davlat attestatsiyasiga ruxsat etilmaydi.
Tanlovda ishtirok etish istagini bildirganlarga 2022 yil 20 dekabrdan 2023 yil 10 yanvarga qadar (shu kuni ham) magistr.edu.uz elektron tizimi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi.
Qayd etish kerakki, tanlov natijalari bakalavriat diplomning o‘rtacha ballari asosida aniqlanadi.
Ma’lumot o‘rnida, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli qaroriga ko‘ra abituriyent filologiya yo‘nalishlari bo‘yicha kamida C1, nofilologik yo‘nalishlari bo‘yicha esa B2 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lish talabi belgilangan.